Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov, Oʻzbekistonda xalqaro talablarga toʻla javob beradigan milliy avtomagistral barpo etish, uni dunyo yoʻllariga tutashtirish, avtotrassalar boʻyida zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.

Oʻzbek milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, mamlakat avtomobil yoʻlining ulkan arteriyalaridan hisoblangan A-380 “Gʻuzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” xalqaro avtomobil yoʻlida ham shu kunlarda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilyapti.

A-380 “Buxoro halqa yoʻli” avtomobil yoʻlining 8,8-16,5 kilometr qismini taʼmirlash uchun Investitsiya dasturi asosida 96 milliard soʻm mablagʻ sarflandi. Barcha talablarga javob beradigan yoʻlning eni 19,1 metrni tashkil etadi. Mazkur yoʻl qurilishida “Olmazor tajriba mexanika taʼmirlash yordamchi korxonasi”ning 100 nafardan ziyod quruvchi-muhandislari 50 tadan ziyod zamonaviy texnika kuchidan foydalanildi.