Buxoroda xalqaro standartlarga muvofiq aviatsiya yoqilgʻisi ishlab chiqarilyapti

    Energetika 27 Oktabr 2021 462

    Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqariladigan aviatsiya yoqilgʻisi texnologiyalari xalqaro standartlarga muvofiq deb topildi.

    2021-yil 19-oktyabrdan 22-oktyabrgacha boʻlgan davrda Buxoro neftni qayta ishlash zavodida sifat menejmenti tizimining “AS 9100D” xalqaro standarti talablariga muvofiqligini baholash maqsadida “Russkiy registr” sertifikatlashtirish organi tomonidan birinchi nazorat auditi tashkil etildi.

    Tekshiruv davomida auditorlar “Djet A-1” gaz turbinali dvigatellari uchun aviatsiya yoqilgʻisini ishlab chiqarish bilan bogʻliq texnologik jarayonlarni oʻrganib chiqishdi. Ichki hujjatlar tahlil qilindi va xodimlar bilan ish joylarida suhbatlar oʻtkazildi.

    Xalqaro auditorlar tomonidan zavod mutaxassislarining koʻp yillik tajribasi va malakasi, jumladan, texnologik rejimni sanoat xavfsizligi talablari asosida toʻgʻri saqlanishi, ishlab chiqarilayotgan “Djet A-1” rusumli aviatsiya yoqilgʻisining sifatini nazorat qilinishi, uskunalarga oʻz vaqtida texnik xizmat koʻrsatilishi va infratuzilmani yaxshi holatda saqlashi yuqori baholandi, deb xabar beradi “ Oʻzbekneftgaz” AJ “Buxoro NQIZ” MCHJ maʼlumotiga tayanib.

    Maʼlumot uchun: “Russkiy registr” Rossiyaning eng yirik va xalqaro miqyosda tan olingan sertifikatlashtirish va ekspert tashkiloti hisoblanadi. Mazkur tashkilot 20 yildan ziyod vaqtdan beri sertifikatlashtirish va ekspert baholash xizmatlarini taqdim etib keladi.