Buxoroda yangi issiqlik elektr stansiyasi elektr quvvati uzatishni boshladi

    Energetika 11 Yanvar 2022 1633

    Buxoro viloyatidagi quvvati 270 mvt boʻlgan issiqlik elektr stansiyasi respublikamizning yagona elektr tarmogʻiga quvvat uzatishni boshladi.

    Avval xabar berganimizdek, 2021-yil 31-dekabrda Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan Buxoro viloyatining Buxoro tumanida qurilgan, quvvati 270 MVt boʻlgan gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasining ilk qurilmasi ishga tushirilgan edi.

    Mazkur elektr stansiya bugun, 2022-yil 11-yanvar soat 16:32 da Oʻzbekistonning yagona elektr tarmogʻiga quvvat uzatishni boshladi.

    Ushbu issiqlik elektr stansiyasi yiliga 2,2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, viloyatning 80 foiz isteʼmolini qoplaydi.

    Qurilmalarning foydali ish koeffitsiyenti yuqoriligi hisobiga yiliga 260 million metr kub tabiiy gaz tejaladi. Tejalgan tabiiy gaz hisobiga qoʻshimcha 900 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.

    Ushbu investitsiya loyihasi Prezidentimizning 2021-yil 4-martdagi PQ-5018-son qaroriga muvofiq davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida amalga oshirildi.

    Umumiy qiymati 150 million dollarga teng boʻlgan mazkur loyiha Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hisobiga amalga oshirildi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.