Buxoro aeroportida qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlari hamda madaniy boyliklarni noqonuniy ravishda xorijga olib chiqishga urinish bartaraf etildi.
Viloyat bojxona boshqarmasi matbuot xizmatining xabar berishicha, “Buxoro — Sankt-Peterburg” yoʻnalishidagi aviareys orqali xorijga uchib ketmoqchi boʻlgan fuqaro umumiy qiymati 165 million soʻm boʻlgan zargarlik buyumlarini bojxona xodimining ogʻzaki soʻrovida maʼlum qilmagan va yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etmagan.
Natijada olib chiqish meʼyoridan ortiqcha boʻlgan jami 37 dona, ogʻirligi 226,04 gramm boʻlgan zargarlik buyumlari hamda tarixiy ahamiyatga ega 16 dona koʻkrak nishonlari va tangalar aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida vaqtincha saqlovga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tegishli tartibda ish olib borilmoqda.