Buxoro viloyatining Jondor tumanida, vatanparvarlik bog'i barpo etilib, unga xalq qahramoni Mahmud Torobiy nomi berildi.
Harbiy-vatanparvarlik oyligi tadbirlari doirasida ushbu ko'rkam va go'zal maskanning ochilishi o'ziga xos bayramona kayfiyatda katta tantanalar bilan o'tkazildi.
Uch milliard so'mlik qurilish- ta'mirlash ishlari bajarilgan bu go'shada harbiy-texnika vositalari — tank, zirhli transportyorlar, vertolyot, samolyot, turli kalibrli artilleriya qurollari o'rin olgan. Ko'rgazmali vositalar o'rnatilgan. Bog' to'rida esa Mahmud Torobiy haykali qad rostlab turibdi.
Tarix sahifalaridan barchamizga ma'lumki, 1238 yilda shu yaqin-atrofdagi qishloqlar aholisi Mahmud Torobiy boshchiligida mo'g'ul bosqinchilariga qarshi kurashganlar. Biroq, kuchlar teng bo'lmagan jangda ozodlik kurashchilari mag'lub bo'lishgan.Ushbu haykalni shogirdlarimiz bilan birgalikda ona diyorimizning haqiqiy qahramoni qiyofasida tasvirlashga harakat qildik, – deydi haykal muallifi Qurbon Norxo'rozov.
Darhaqiqat, Jondor tumanda bunday muhtasham bog'ning barpo etilishi va Mahmud Torobiy nomining abadiylashtirilishi, ezgu maqsadlarga xizmat qiluvchi xayrli bir qadam bo'ldi.
Gulichehra DURDIEVA