Viloyatda “Romstar” qo'shma korxonasi, “Kumushkent ipagi”, “Bukhara Brilliant Silk” kabi mas'uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi pillani qayta ishlash korxonalari bilan ilk mavsumning o'zida 1913 ta fermer xo'jaligining jami 15 ming 828 ta oilaviy zvenosi, qolaversa, 13 ming 533 nafar kasanachisi bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq, “kumush tola” mirishkorlari barcha qiyinchiliklarni mashaqqatli mehnatlari bilan mardonavor engib o'tib, alohida fidoyilik ko'rsatdilar.

Joriy yildan to'rt mavsumda parvarishlashga o'tilgan pillachilikning dastlabki bosqichida 33 ming 938 quti ipak qurti parvarishlandi va shu kecha-kunduzga kelib, tumanlardagi qabul maskanlarida yig'ilgan “kumush tola” xirmoni rejadagi 1 ming 635 tonna o'rniga amalda 1 ming 648 tonnaga etkazilgani katta muvaffaqiyatdir. Bunda 332 tonna ulush bilan hissa qo'shgan G'ijduvon, 255 tonna qimmatbaho xom ashyo tayyorlangan Jondor, 206 tonnalik pilla xirmoni barpo etilgan Vobkent tumani mirishkorlarining mehnatini alohida e'tirof etish lozim.