Soʻnggi yillardagi turizm sohasi iqtisodiyotimizga yuqori daromad keltiradigan istiqbolli tarmoqlardan biriga aylangani hech kimga sir emas. Xususan, koʻhna va boqiy Buxoro bu sohada yetakchi qatorlarda boʻlishga ulgurdi. Koʻhna kent yildan-yilga xorijiy va mahalliy sayyohlarni oʻziga jalb etib, xizmatlar sohasida noodatiy yondashib kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2022-yil 7-iyun kuni “Xizmatlar koʻrsatishni rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlash hamda daromadlarini oshirish chora-tadbirlari”ga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida xorijiy va mahalliy sayyohlarga xizmat koʻrsatishda terrasalardan keng foydalanish boʻyicha, Buxoro tajribasini 28 ta shahar, barcha tuman markazlari hamda poytaxt tumanlarida joriy qilishni alohida taʼkidlab oʻtdi.
Bugungi kunda, Buxoro shahridagi 28 ta mehmonxona va restoranning tom qismida ochiq terrasaga ega 2420 kishini qabul qilishga moʻljallangan ovqatlanish shaxobchalari tashkil qilingan.
Bu yangicha yoʻnalishga mahalliy va xorijiy sayyohlar birdek yuqori qiziqish bildirmoqda. Bundan tashqari, Buxoro shahridagi 2022-yil yakuniga qadar yangi qurilayotgan 11 ta loyihalarning tom qismida umumiy ovqatlanish uchun moʻljallangan 1250 oʻrinli milliy hamda yevropacha ochiq terrasa tashkil etilishi rejalashtirilgan. Buxoro viloyat turizm va madaniy meroos bosh boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan mazkur loyihalar doimiy monitoring qilinib, tadbirkirlarga zaruriy tavsiya va koʻmak berib kelinmoqda.
Bu kabi terrasalarni barcha viloyatlarda joriy qilish kelgusida hudud iqtisodiyoti, tadbirkorlik rivoji va turizm sohasining farovonligiga xizmat qiladi, sayyohlarga ochiq osmon ostidagi tarixiy shaharlarimizni tomosha qilib milliy taomlarimizdan bahramand boʻlib, hordiq chiqarish imkonini yaratadi.