Roppa-rosa bir yil burun viloyat hokimligi va Xalq ta'limi boshqarmasi mutasaddilari Peshku tumani "Qoraqalpoq" MFY Arbobhoji va Urganji qishloqlarida bo'lishib, aholi farzandlari ta'lim-tarbiyasiga doir murojaatlari bilan yaqindan tanishishgan. Mahalliy aholining maktab yoshidagi o'g'il-qizlari 4 kilometr masofadagi qo'shni qishloqqa, 17-sonli maktabga qatnayotgani, o'tgan asr etmishinchi yillarida 500 o'ringa mo'ljallab qurilgan bu ta'lim dargohi talabga javob bermay qolgani, bunda qariyb 900 nafar o'quvchi ikki smenada, nomunosib sharoitda o'qishga majbur bo'lishayotgani haqida shikoyat qilingandi

Shundan so'ng, “Obod qishloq” davlat dasturi asosida Arbobhoji va Urganji qishloqlari aholisining talabi qondiriladigan bo'lib, bu erda zamonaviy ta'lim dargohi investitsiya dasturiga kiritildi. Ayni kunda qariyb 4 ming aholisi bo'lgan mazkur manzilda 520 o'ringa mo'ljallangan o'quv binosi hamda standart o'lchami 12 x 24 metr hajmdagi sport zali binosini qurishga qaror qilindi.

Umumiy qiymati 14 milliard so'mga moliyalashtirilgan bu loyiha qurilishi joriy yil aprel oyidan boshlangan. Uch qavatli ta'lim dargohida har biri 24 o'quvchi o'rniga ega 20 tadan ortiq sinf xonasi, aniq fanlar laboratoriyasi, har birida 20 tadan komp`yuterga ega 2 ta informatika xonasi, har bir qavatda alohida sanitariya tarmog'i va “Ariston” rusumli muqobil isitish tizimi, shuningdek, 3 ming atrofida badiiy kitob va darslik fondiga ega kutubxona, standart hajmdagi bir emas, ikkita sport zali, qolaversa, o'lchami 18 metrga 8 metrli sun'iy qoplamali ochiq sport maydoni, 1-4-sinf o'quvchilari uchun 120 o'rinli oshxona talab darajasida qurib bitkazildi.

Bundan tashqari, maktabda darsdan so'ng o'quvchilar band bo'lishi uchun “Zakovat” intellektual o'yini, hunarga qiziquvchilar, qo'l mehnati va texnologiyalar mashg'ulotlari kabi to'garaklar uchun xonalar, yana alohida “Ma'naviyat va ma'rifat zali”, hamshira xonasi barpo etilib, talab darajasida jihozlangan. Muhimi, mazkur maktab faoliyati yo'lga qo'yilgani tufayli endilikda bunda 30 nafar pedagog–o'qituvchi va 16 nafar ishchi-xizmatchining bandligi ta'minlanmoqda.

Bir tomoni qo'shni SHofirkon tumani va kimsasiz Qizilqum cho'li kengliklariga tutash Arbobhoji qishlog'ida barpo etilgan zamonaviy ta'lim dargohini foydalanishga topshirish marosimi tantanaga aylandi.

Arbobhojidagi ta'lim dargohi bilan hozirda tuman maktablari soni 42 taga yetkazilgan bo'lsa, ulardan 5 tasi ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabidir. Ayni kunda mavjud ta'lim muassasalarida 1 ming 891 nafar turli toifadagi pedagog–o'qituvchi tomonidan jami 21 mingdan oshiqroq o'g'il-qizga saboq berilmoqda.