2021-yil 29-iyun kuni Islom Olami Merosi Qoʻmitasining toʻqqizinchi onlayn majlisi boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda Buxoro 2020-yilda “Islom olami madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi nomidan taqdim etilgan nomzodnoma hujjatlari koʻrib chiqilib, Buxorodagi 7 ta: Ismoil Somoniy maqbarasi, Chor Bakr, Bahouddin Naqshband majmualari, Magʻoki Attor masjidi, Poi-Kalon ansambli, Qadimgi Poykent shahri qoldiqlari va Toshsaroy madrasalari ICESCOning Islom Olami Merosi roʻyxatiga kiritildi, deb yozadi Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi matbuot xizmati.
Onlayn tarzda oʻtkazilgan majlisda shuningdek, Iordaniya (1 ta), Eron (5 ta), Bangladesh (3 ta), Jazoir (1), Iroq (5 ta), Falastin (7 ta), Qatar (3 ta), Kamerun (1 ta), Liviya (16 ta), Misr (3 ta), Marokash (6 ta) davlatlarida joylashgan obidalar ham Islom Olami Merosi roʻyxatiga kiritildi.
Shuningdek, kelajakda ushbu madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish, ularni oʻrganish va xalqaro miqyosda keng targʻib qilish boʻyicha ICESCO va Islom Olami Merosi Qoʻmitasi bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish yuzasidan kelishib olindi.