Tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov “Buyuk ajdodlar merosi - Uchinchi Renessans asosi” VIII xalqaro Kongressi ishtirokchilariga Prezident Shavkat Mirziyoyevning tabrigini oʻqib eshittirdi.

Ayni vaqtda 23-26-avgust kunlari Toshkent va Samarqandda oʻtkazilayotgan VIII xalqaro kongressning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Eʼtiborlisi, unda dunyoning 35 da davlatidan 300 ga yaqin olimlar, mutaxassislar, tadqiqotchilar ishtirok etishmoqda. Ochilish marosimini Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori, Oʻzbekiston madaniy merosini asrash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati Boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov kirish soʻzi bilan ochdi.

Unda IRSIKA, AYSESKO, TURKSOY, “Al-Furqon” fondi, Xalqaro Turkiy akademiya rahbarlari, Islom olami robitasi va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.

Ochilish marosimi avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov tomonidan “Buyuk ajdodlar merosi - Uchinchi Renessans asosi” VIII xalqaro Kongressi ishtirokchilariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrigini oʻqib eshittirdi. Davlat rahbarining tabrigida kongressda “joriy va kelajakka moʻljallangan ilmiy dastur va rejalari muhokama qilinishi, ayniqsa diqqatga sazovor”ligi alohida taʼkidlandi. Shuningdek, tabrikda qayd etilishicha, “fundamental tadqiqotlarni oʻtkazishga doir dasturlar, ilmiy loyihalarni ishlab chiqish, ularni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar hech shubhasiz, oʻzaro hamkorligimiz uchun yangi imkoniyat va istiqbollar ochib beradi”.

Prezidentimiz yoʻllagan tabrikda Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati faoliyatiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Xususan, “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” loyihasi doirasida 70 jildlik kitob-albomlar nashr qilinib, yurtimiz va chet ellardagi eng mashhur kutubxonalar, oliygoh va muzeylar, nufuzli ilm-maʼrifat maskanlariga yetkazib berilganini taʼkidlandi.

“Ana shu ishlarning davomi sifatida anjuman kunlarida mazkur turkumdagi yana oʻnta yangi jild taqdimoti oʻtkazilishi ham muhim madaniy hodisadir” deya Butunjahon jamiyati (WOSCU)ning barcha aʼzolari faoliyatiga yuksak baho berildi.

Ochilish marosimida Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik loyihalari rejalashtirilgan Islom tarixi, sanʼati va madaniyati tadqiqotlari markazi - IRSIKA direktori, WOSCU Boshqaruvi aʼzosi Mahmud Erol Qilich, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY raisi, Butunjahon jamiyati boshqaruvi aʼzosi Sulton Rayev, Islom olami Robitasi Konferensiyalar va tadbirlar boʻyicha direktori Doktor Shokir Saloh, CNN tijoriy direktori, kongress axborot hamkori Imran Ahmad, AYSESKOning YUNESKOdagi delegatsiyasi rahbari doktor Somia Jakta Buxadef, Fransiyaning Arab dunyosi instituti direktori Natali Bondil, Turkiya Fanlar Akademiyasi Prezidenti doktor Muzaffar Sheker, Rossiya fanlar akademiyasining Sharq qoʻlyozmalari instituti direktori Irina Popova, “Al-Furqon” Islom merosi fondi menedjeri, WOSCU kengashi aʼzosi doktor Sali Shahsivari, Qatar Milliy kutubxonasi direktori Doktor Tan Husim xonim, Rossiya Federatsiyasi Musulmonlar idorasi raisining birinchi oʻrinbosari Damir Muxetdinovlar qutlov soʻzlarini aytib, hamkorlik loyihalari haqida qatnashchilarga qisqacha maʼlumot berib oʻtishdi. Soʻng kongressning tantanali ochilish marosimida qatnashchilarga Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga qaratayotgan yuksak eʼtibori yaqqol ifodasini topgan hujjatli film va Butunjahon jamiyati faoliyatiga oid hujjatli film namoyish etildi.