Buyuk Britaniya bilan hamkorlikni chuqurlashtirishning yangi imkoniyatlari koʻrib chiqildi

    Investitsiyalar 24 May 2023 1245

    Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Buyuk Britaniya Eksportni moliyalashtirish agentligi (UK Export Finance – UKEF) bosh ijrochi direktori Tim Rid bilan muzokaralar oʻtkazdi. Uchrashuvda tomonlar hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qildilar.

    Suhbat davomida Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yilda ikki barobarga oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Uchrashuvda Britaniya tomoni Oʻzbekistonda avtomobil yoʻllarini, quyosh va shamol elektr stansiyalari qurish, foydali qazilmalar qazib olish va qayta ishlash boʻyicha yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda ishtirok etishga qiziqishini bildirdi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: Buyuk Britaniya Eksportni moliyalashtirish agentligi davlat organi hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi kreditlar, kafolatlar taqdim qilish, sugʻurtalash, maslahat koʻmagini berish va boshqa yoʻllar bilan yordam koʻrsatish orqali Britaniya tovarlari va xizmatlari eksportini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishdan iborat.