Buyuk Britaniya bilan taʼlim sohasida hamkorlik oʻrnatiladi

    Ta'lim 14 Sentabr 2020 4077

    Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Pedagogik innovatsiyalar, kasb-hunar taʼlimi boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish instituti bilan Buyuk Britaniyaning Pearson Education Limited kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik bitimi imzolandi.

    Kelishuvga koʻra, xalqaro mehnat bozori talablari asosida migrantlarni tayyorlash, kambagʻallikni qisqartirish hamda taʼlim oluvchilarda tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan oʻquv kurslari uchun taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish koʻzda tutilgan.

    Hamkorlik kelishuvi malaka oshirish instituti direktori Zayniddin Xudoyberdiyev va Pearson Education Limited kompaniyasi katta vitse-prezidenti Sindi Remperzaud tomonidan imzolandi.

    Ushbu hamkorlik Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan Pearson Education Limited kompaniyasi oʻrtasida 2020-yilning 1-may kuni imzolangan anglashuv memorandumida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshiriladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Maʼlumot oʻrnida, Pearson taʼlim sohasida dunyoda yetakchi kompaniyalardan biri boʻlib, 70 mamlakatda 24 ming xodimga ega, bosh ofisi Londonda joylashgan. Pearson BTEC taʼlim dasturlari boʻyicha tahsil olgan 90 foiz bitiruvchining bandligi taʼminlangan. Pearson BTEC taʼlim dasturlari asosida oʻqiganlar dunyoning 70 davlatida oʻz mutaxassisliklari boʻyicha ishlash imkoniga ega. Hozirgi kunda dunyoda 800 ga yaqin Pearson BTEC markazlari faoliyat yuritmoqda.