«Buyuk Ipak yo‘li» xalqaro turizm markazi Dehlida o‘tkazilgan xalqaro tadbirda taqdim etildi

    Hindiston Global savdo va texnologiya kengashi tomonidan Butunjahon turizm kuniga bag‘ishlangan interfaol davra suhbati tashkil etildi.

    Tadbirda Dehlida akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy mamlakatlar elchilari, hind sayyohlik va PR-kompaniyalari hamda kengashning 50 nafarga yaqin aʼzo bo‘lgan kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

    Uchrashuvda O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi tomonidan respublikamizda turizmni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, “e-visa” va yangi xizmat turlari bo‘yicha atroflicha maʼlumotlar taqdim etilgani barobarida yurtimizning boy sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan videorolik ham namoyish qilindi.

    Ishtirokchilar uchun «Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi» brendi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan alohida taqdimot o‘tkazildi. Samarqandda barpo etilgan «Buyuk Ipak yo‘li» xalqaro turizm markazida yaratilgan mavjud imkoniyatlar kengash aʼzolarida katta qiziqish uyg‘otdi.

    Hindiston Global savdo va texnologiya kengashi rahbari Gaurav Gupta so‘nggi yillarda hindistonlik sayyohlar uchun O‘zbekiston eng jozibador yo‘nalishga aylanib borayotganligini taʼkidladi.