Imom Buxoriy buyuk muhaddis sifatida barcha musulmonlar tomonidan birdek ulug'lanadi. Shunday ekan, Buxoriyning buyukligi sabablari nimada, u haqida dunyo olimlari qanday fikrda, umuman, dunyo olimlari al-Buxoriy haqida nimalar bilishadi va uning merosini qanday baholashadi kabi savollarning tug'ilishi tabiiy. Bu savollarga javob topish uchun xorijiy tillarda bitilgan asarlarga nazar tashlamoq joiz. Qolaversa, Imom Buxoriyning muhaddislik faoliyatiga oid xorijiy tillardagi manbalarni bilish va ommalashtirish mamlakatimizda uning merosini o'rganish ishlariga ko'mak beradi. Tan olishimiz kerakki, biz buyuk allomalarimiz haqida juda kam bilamiz. Shu bois, Imom Buxoriy haqidagi dunyo olimlarining asarlari bilan tanishish foydadan xoli bo'lmaydi.

Ma'lumki, hadislar islomda Qur'oni karimdan keyingi o'rinda keluvchi muhim manba sanaladi. Ular ijtimoiy hayotning muqaddas kitobda ko'zda tutilmagan masalalariga echimlar taqdim etadi. Hadislar o'zida sunnani mujassamlashtiradi. Ya'ni, cunna hadislarda o'z aksini topgan va ular orqali keyingi avlodlarga etkazilgan.

Xalifalar davridan keyin hadis ilmi taraqqiy eta boshladi. Hadis ilmi nafaqat hadislarni yig'ish, balki ularning sahihlarini soxta va to'qimalaridan ajratish, tizimlashtirish, tasniflash va sharhlashga qaratilgan sayi-harakat natijalarini o'z ichiga oladi. Milodiy VIII asrdayoq hadislar soni haddan ziyod ko'payib ketgani bois sahih hadislarni alohida ajratib olish va tizimlashtirish zarurati yuzaga keladi.

Milodiy IX asr (hijriy III asr) hadis ilmining gullab-yashnagan davri bo'ldi. Sahih hadislarni soxta va to'qima hadislardan ajratib olishga to'liq muvaffaq bo'lindi. Oltita eng sahih hadislar to'plami – “Sihohi sitta” (“Sihah Sittah”) yaratildi. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy (vafoti milodiy 870/hijriy 256 y.), Muslim ibn al-Hajjoj (vafoti milodiy 875/ hijriy 261 y.), Muhammad ibn Iso al-Termiziy (vafoti milodiy 892/hijriy 279 y.)larning “Jome' as-sahih”lari va Abu Dovud Sulaymon (vafoti milodiy 889/hijriy 275 y.), Ahmad ibn Shuayb al-Nasoiy (vafoti milodiy 915/hijriy 303 y.), Ibn Moja al-Qazviniy (vafoti milodiy 886/ hijriy 273 y.)larning “Sunan”lari mana shu davrda yaratildi.

Bular orasida dunyo bo'ylab eng ko'p tarqalgani Imom Buxoriyning sahih hadislar to'plamidir. Aksariyat manbalarda, Imom Buxoriy 600 mingta hadisdan 200 mingtasini yod bilgani, shundan 7275 tasini sahih sifatida taqdim etgani qayd etiladi.

Avvalo, qayd etish kerakki, Imom Buxoriyning sahih hadislari to'plami asli arab tilida bitilgan, keyinchalik ko'plab xorijiy tillarga tarjima qilingan hamda qayta va qayta nashr etilgan. Ularning eng ko'p tarqalgan tarjimalari ingliz tilida bo'lib, ularning aksariyati Buyuk Britaniya kutubxonalarida saqlanadi. Imom Buxoriyning o'zi haqidagi asarlar ham turli tillarda bitilgan bo'lsa-da, ularning eng ommalashganlari ingliz tilidadir. Islom dini keng yoyilgan Indoneziya, Malayziya, Bangladesh, Pokiston, Nigeriya, ba'zi arab davlatlari va qisman, Hindistonda ingliz tilining rasmiy va ilm-fan tili sifatidagi maqomi buning sabablaridan biri bo'lishi mumkin. Shu bois, Imom Buxoriy haqida ma'lumot beruvchi manbalar ichida ingliz tilida yozilgan yoki mahalliy tillardan ingliz tiliga tarjima qilinganlari salmoqli o'rin egallaydi.

Yana shuni ham e'tiborga olish kerakki, Imom Buxoriyning hayoti va faoliyatiga bevosita bag'ishlangan monografik asarlar nisbatan kam uchraydi. Chunki, buyuk alloma haqida asar yozishga jur'at etadigan qalam sohiblari barcha zamonlarda sanoqli bo'lgan. Ammo, islomshunoslikning turli mavzulari doirasida Imom Buxoriy va uning faoliyati haqida so'z yuritilgan bilvosita asarlar talaygina. Bunday asarlarda alloma haqida to'liq ma'lumotlar berilmasa-da, ulug' muhaddis shaxsining u yoki bu qirralari turli mavzular ohangida bayon etiladi.

Islomshunoslik, ayniqsa, islom tarixi va manbashunosligi sohasida Evropa tillarida yozilgan asarlarning deyarli barchasida Imom Buxoriy nomi va uning “Sahihi” qayd etiladi. Evropalik mumtoz islomshunoslar – Jozef Shaxt, Ignats Gold`tsier, Xaral`d Motski va boshqalarning asarlarida ham hadis bobida Imom Buxoriyga murojaat qilinadi. Evropalik va sharq islomshunoslari Buxoriyning “Al-Jomi' as-sahih” asarini eng ishonchli manba sifatida qayd etishadi.

Oxirgi 15 yillik davrni olsak, Imom Buxoriy haqida ingliz tilida yozilgan monografik asarlar sirasiga asli Pokistonlik bo'lgan doktor Hasan Abdul-Jabborning 2007 yilda Oksfordda nashr qilingan “Buxoriy” asarini kiritish mumkin. Unda Imom Buxoriyning hayoti va faoliyatiga oid mumtoz manbalarga havolalar qilinadi. Asarda Imom Buxoriyning hayoti, talabalik davrlari, sayohatlari va hadis ilmidagi bemisl o'rni xususida qiziqarli ma'lumotlar beriladi. Doktor Abdul-Jabbor Imom Buxoriyning tug'ma xotira sohibi bo'lganligini bir necha marta ta'kidlaydi va manbalarga tayangan holda aniq misollar bilan batafsil ta'riflaydi. Uning yozishicha, Imom Buxoriy faqat tug'ma xotira bilan cheklanib qolmagan, shu bilan birga, o'z quvvai-hofizasini muttasil kuchaytirib borgan. Muallifga ko'ra, Buxoriy bir shaharda eshitgan hadisini o'sha joyning o'zidayoq yozib olmagan, balki uni ma'lum muddat xotirasida saqlab yurgan va keyingi shaharga etib borgandagina o'zi uchun qayd qilib yozib qo'ygan. Imom Buxoriy 16 yillik mehnatdan so'ng, 39 yoshida “Sahih”ni yozib tugatgach, umrining qolgan qismini hadis saboqlariga baxshida etadi. Muallifga ko'ra, al-Buxoriy yurtma-yurt kezib, 90 mingdan ortiq talabaga shaxsan o'zi sahih hadislarni etkazgan. Asarda Muhammad (s.a.v.)ga bo'lgan muhabbat va ixlos Buxoriyni buyuklik sari etaklagan omil ekanligiga ishora qilinadi. Shuningdek, buyuk muhaddisning so'nggi kunlari va o'limidan oldingi vasiyati haqida ma'lumot beriladi.

Imom Buxoriy ilmda xolis, insoniylikda esa juda hokisor bo'lgan. Muhaddis Xurosonda bir muddat yashagan paytlarida viloyat hukmdori Xolid al-Zuhali Buxoriydan uning xonadoniga kelib, o'zining farzandlariga “Sahih” va hadis ilmidan saboq berishini so'raydi. Buxoriy uning taklifini rad etadi. U Xolidga uning farzandlarini o'z talabalari orasida ko'rishdan xursand bo'lishini, ammo uning uyiga alohida dars berish uchun bora olmasligini ma'lum qiladi.

YAna bir manba sifatida Imom Buxoriy “Sahih”ining 9, 3 va 2 tomlik ingliz tilidagi tarjima nashrlarini keltirish mumkin. Ularning muqaddimasida buyuk muhaddis haqida qisqacha ma'lumotlar berib o'tiladi. Xususan, Madina al-Munavvara Islom universiteti doktori Muhammad Muhsin Xon tomonidan ingliz tilidagi 9 tomlik “Sahih al-Buxoriy ma'nolarining tarjimasi” asarining kirish qismida aytilishicha “Mashhur bo'lishiga qaramay, Buxoriy o'zining haqqoniyligi va hokisorligi bois hukmdorlardan o'zini uzoq tutardi. Ularning ra'yiga qarab, biror noto'g'ri so'z aytib qo'yishdan o'zini tiyardi. Zotan, o'sha zamonlarda aksar olimlar hukmdorlarning nazariga tushish uchungina hadis ilmi bilan shug'ullanardi”.

Nigeriyalik islom huquqshunos olimi Rahmon Doiyning Londonda chop etilgan va keng tarqalgan “Islom huquqi” kitobida keltirilishicha, Buxoriy hadislarni saralab olish jarayonida ularning musulmonlar yashash tarzi va kundalik hayoti uchun qanchalik ahamiyat kasb etishini ham e'tiborga olgan. U hadislar musulmonlar uchun barcha sohada oq va qorani ajratib beruvchi qo'llanma bo'lishi zarur, deb hisoblagan.

Yuqorida eslatilgan oltita sahih hadislar to'plami (Sihohi sitta) orasida al-Buxoriy va Muslim tomonidan yaratilgan “ikki sahih” (“as-sahihayn”) eng mashhurlaridir. Ularning ikkisi o'rtasida nisbiylik o'tkazilganda, Imom Buxoriyning hadislariga ustuvorlik beriladi. Malayziyada 2008 yilda chop etilgan “Hadis va Sunna” kitobida, Imom Buxoriyga bag'ishlangan kichkina bo'lim mavjud bo'lib, unda kitob mualliflaridan biri Muhammad Ali Imom Buxoriyning ustunligini asoslab beradi. Xuddi shunday yondashuv Said Abdullo tomonidan 2006 yilda N`yu York va Londonda chop etilgan “Islom ta'limoti” asarida uchraydi.

Mualliflar Imom Buxoriyning Imom Muslimdan ustunligini quyidagicha izohlaydilar:

Birinchidan, Imom Buxoriy Imom Muslimdan ko'ra ko'proq sondagi hadislarni yig'ishga muvaffaq bo'lgan. Al-Buxoriy 600 mingta hadisdan – 7275 tasini, ya'ni ularning bor-yo'g'i – 1,5 foizini sahih sifatida tanlab olgan. Muslim Nishopuriy esa 300 mingta hadis to'plagan bo'lib, shundan 12 mingtasini, ya'ni ularning – 4 foizini saralab olgan. Mazkur miqdoriy ko'rsatkichlar Imom Buxoriy tomonidan juda katta hajmdagi ish o'ta sinchkovlik bilan amalga oshirilganidan darak beradi;

Ikkinchidan, har ikki muhaddis tomonidan hadis rivoyat qiluvchi roviylarga qat'iy talablar qo'yilgan, ayniqsa, Buxoriy ularning ziyolilik darajasi va akademik salohiyatiga alohida e'tibor qaratgan. Buxoriyning saralash mezonlari ko'ra, ayni bir hadisni ketma-ketlikda naql qilayotgan ikki roviy (hadis etkazuvchi)ning har biri ayricha o'z ustozidan ta'lim olgan bo'lishi, ayni bir zamonda va makonda yashagan bo'lishi va, albatta, bir-biri bilan yuzma-yuz uchrashib, biri ikkinchisidan tegishli hadisni o'zlashtirgan bo'lishi lozim. Muslim roviylarga bunday talab qo'ymagan: ikki roviyning ayni bir zamonda va mintaqada yashaganligining o'zi kifoya, ular o'zaro uchrashib, bir-biridan hadis o'rganganligini isbotlash shart emas, deb hisoblagan. Xuddi shu joyda Muslimning sahih hadislarni saralash mezoni bo'yicha roviylar o'rtasidagi uzviylik talabi Buxoriy talabidan ko'ra zaifroqligini namoyon qiladi. SHu bois, Buxoriy hadislari islomda Qur'ondan keyingi eng ishonchli manbasi sifatida ko'riladi.

Umuman, yuqoridagi asarlar tahlilidan kelib chiqib, Imom Buxoriyni boshqa muhaddislar bilan taqqoslaganda, uning quyidagi ustunliklari ko'zga tashlanadi:

Birinchidan, Imom Buxoriy Imom Muslimdan ko'ra ko'proq sondagi hadislarni yig'ishga muvaffaq bo'lgan. Buxoriy 600 mingta hadisdan – 7275 tasini, ya'ni ularning bor-yo'g'i – 1,5 foizini sahih sifatida tanlab olgan. Muslim Nishopuriy esa 300 mingta hadis to'plagan bo'lib, shundan 12 mingtasini, ya'ni ularning – 4 foizini saralab olgan. Mazkur miqdoriy ko'rsatkichlar Imom Buxoriy tomonidan juda katta hajmdagi ish o'ta sinchkovlik bilan amalga oshirilganidan darak beradi.

Ikkinchidan, har ikki muhaddis tomonidan roviylarga qat'iy talablar qo'yilgan, ayniqsa, Buxoriy ularning ziyolilik darajasi va akademik standartlariga alohida e'tibor qaratgan. Buxoriyning saralash mezonlariga ko'ra, ayni bir hadisni ketma-ketlikda naql qilayotgan ikki roviy (hadis etkazuvchi)ning har biri ayricha o'z ustozidan ta'lim olgan bo'lishi, ayni bir zamonda va makonda yashagan bo'lishi va, albatta, bir-biri bilan yuzma-yuz uchrashgan bo'lib, biri ikkinchisidan tegishli hadisni o'zlashtirgan bo'lishi lozim. Muslim roviylarga bunday talab qo'ymagan: ikki roviyning ayni bir zamonda va mintaqada yashaganligining o'zi kifoya, ular o'zaro uchrashib bir-biridan hadis o'rganganligini isbotlash shart emas, deb hisoblagan. Xuddi shu joyda Muslimning sahih hadislarni saralash mezoni bo'yicha roviylar o'rtasidagi uzviylik talabi Buxoriynikidan ko'ra zaifroq ekanligi namoyon bo'ladi. Shu bois, Buxoriy hadislari islomda Qur'ondan keyingi eng ishonchli manba sifatida ko'riladi.

Umuman, Imom Buxoriyni boshqa muhaddislar bilan taqqoslaganda, uning quyidagi ustunliklari ko'zga tashlanadi:

birinchidan, Imom Buxoriy hadis ilmi gurkiragan davrda yashab o'tgan va oltita sahis muhaddislarning eng yoshi ulug'i bo'lgan. Buning ahamiyati shundaki, boshqa yirik muhaddislar uning to'plamidan andoza olishgan va hadis bilan bog'liq mavzularda Imom Buxoriyga suyanishgan, hadis to'plash va ularni saralashda uslubiy jihatdan uning izidan borishgan;

ikkinchidan, Imom Buxoriy hadislarning sahihligini tekshirishda juda tanqidiy yondashgan, har bir dililni sinchkovlik bilan tekshirgan va ushbu ulug' vazifaga o'zini butunlay baxshida etgan;

uchinchidan, Buxoriy tabiatan o'ta ziyrak, o'tkir zakovat va aqliy salohiyat sohibi, tug'ma iste'dod va kuchli xotira egasi bo'lgan. Uning bu xislatlari ko'plab manbalarda o'z isbotiga ega;

to'rtinchidan, Imom Buxoriy hadislar to'plamidagi har bir bobning Qur'oni karim matni bilan uzviyligini ta'minlagan. Bu bilan islomning ushbu ikki manbasini uyg'unlashtirgan va hadislar vositasida Qur'onni tushunish va anglab olishni osonlashtirgan;

beshinchidan, Buxoriy hadislar to'plamini yaratishda usuli-fiqh me'yorlariga rioya etishga harakat qilgan. Ya'ni, boshqacha qilib aytganda, Imom Buxoriy hadislarga shunday tartib berganki, natijada birlamchi manbadan hukm hosil qilish faqihlar uchun qulaylik tug'dirgan. Islomshunoslar Imom Buxoriyni usul-al-fiqhdan to'liq xabardor bo'lganini taxmin qilishadi.

Shu tariqa Buxoriyning hadis ilmi rivojiga qo'shgan hissasi betakrordir, uning hadislar to'plami esa favqulodda mukammallik kasb etadi. Bu esa uning hadislaridan keng foydalanishga turki beradi. Mana shu sabablarga ko'ra, Imom Buxoriy hadislari butun islom dunyosida keng tarqaldi, uning o'zi buyuk muhaddis sifatida shuhrat qozondi.

Haydarali Yunusov,

O'zFA Davlat va huquq instituti katta ilmiy xodimi,

Oksford universiteti Islom tadqiqotlari markazining

Imom Buxoriy va Imom Termiziy granti sovrindori