баннер
10 Apr 2025
03:14

    Buzilayotgan turar va noturar joy obyektining bozor qiymati toʻliq qoplab beriladi

    Qurilishni boshlashdan foydalanishga ruxsatnoma berishga qadar boʻlgan jarayonlar toʻliq onlayn rejimida “Shaffof qurilish” tizimida amalga oshiriladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra, 2025-yil 1-maydan:

    • qurilishni boshlashdan foydalanishga ruxsatnoma berishga qadar boʻlgan jarayonlar toʻliq onlayn rejimida “Shaffof qurilish” tizimida amalga oshiriladi;
    • qurilishi tugallangan koʻp kvartirali uy-joydan foydalanishga ruxsatnoma berishda faqat Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi, hamda davlat yongʻin nazorati organlaridan xulosa olinadi.

    Inspeksiyada roʻyxatdan oʻtgan va u tomonidan nazorat qilinadigan koʻp kvartirali uy-joylarni foydalanishga ruxsatnoma berishdan oldin instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish amaliyoti bekor qilinadi.

    2025-yil 1-martdan renovatsiya asosida koʻp kvartirali uy-joylarni barpo etishning quyidagi tartibi joriy etiladi:

    • renovatsiya loyihasini boshlashga barcha mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan kelishuv bitimi imzolanganidan soʻng ruxsat beriladi;
    • mulkdorlarga, ularning xohishiga koʻra, quyidagi kompensatsiya turlaridan biri taqdim etiladi:
    • buzilayotgan turarjoy obyektlari oʻrniga ularning maydonidan kam boʻlmagan renovatsiya dasturiga muvofiq yangi quriladigan turarjoylardan yashash uchun tayyor holdagi kvartiralarni mulk huquqi asosida berish hamda qurilish davrida koʻchish, shu jumladan, boshqa turarjoy obyektini vaqtinchalik ijaraga olish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻliq qoplash;
    • buzilayotgan turar va noturar joy obyektining bozor qiymatini toʻliq qoplab berish;
    • renovatsiya loyihasi tashabbuskori bilan kelishilgan holda boshqa turdagi kompensatsiyani taqdim etish.
    Telegram kanalimiz
    Text to speech