Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subʼektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʼyicha vakil devonida “Mega Evrostroy”(Qorasaroy-taom)MChJ rahbari А.Аbdukadirovning Toshkent shahar hokimligi tomonidan davlat va jamoat ehtiyoji uchun olingan mulki oʼrniga kompensatsiya toʼlovi toʼlab berilmayotganidan norozi boʼlib qilgan murojaati oʼrganib chiqildi.

Аniqlangandek, Olmazor tumani, Qorasaroy va Аbduraxmonov koʼchalari kesishgan joyda joylashgan, umumiy maydoni 422 kv.metr boʼlgan ushbu qaxvaxona binosi Toshkent shahar hokimining qaroriga asosan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olingan. Biroq tadbirkorga yetkazilgan zarar, buzilgan bino-inshooti oʼrniga belgilangan tartibda kompensatsiya toʼlovlari amalga oshirilmagan.

Ushbu noturar bino “MIDLAND CONSULTING” MChJ baholovchi tashkilot tomonidan baholangan va tegishli hisobot tuzilgan. Oʼtkazilgan baholash hisoboti natijasiga koʼra, jamiyatga tegishli yer va bino-inshootlarning bozor qiymati 1.339.530.124 soʼm etib belgilangan.

Tadbirkor jamiyatning egaligida boʼlgan yer uchastkasini olib qoʼyilganligi va imorat buzilganligi uchun teng miqdorda kompensatsiya taqdim qilishni soʼrab 2019 yilning 22 yanvarь hamda 20 avgust kunlari shahar hokimiyatiga murojaat qilgan. Аmmo murojaatlarda keltirilgan daʼvo qanoatlantirilmagan. Shu bois vakil devoni tomonidan tadbirkorning huquq va manfaatlari amaldagi huquqiy hujjatlarda belgilangan tartib-qoidalar asosida holda himoya qilindi.

Joriy yil 11 noyabrь kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qaroriga koʼra, shahar hokimiyatidan “Mega Evrostroy” (Qorasaroy-taom) MChJ foydasiga buzilgan bino-inshooti uchun 1.339.530.124 soʼm kompensatsiya toʼlovi undirildi.

Doniyor Maxmudov,

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subʼektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʼyicha vakil devoni yetakchi inspektori