Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

    Hujjatlar 13 Aprel 2021 3569

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-6155-son farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, Davlat byudjetining shakllanishi va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish loyihalarini ishlab chiqish jarayoniga aholini faol jalb etish hamda joylardagi dolzarb muammolarni hal etishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish maqsadida:

    1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining:

    2021 yil may oyidan boshlab ilovaga muvofiq tuman (shahar)larda, 2022 yil 1 yanvardan e’tiboran respublikaning barcha tuman (shahar)larida tegishli byudjetlarning tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish bo‘yicha yangi tartibni bosqichma-bosqich joriy etish;

    2021 yil 1 iyuldan boshlab jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman (shahar)lar byudjetlari qo‘shimcha mablag‘larining eng kam miqdorini 10 foizdan 30 foizga oshirish haqidagi takliflari ma’qullansin.

    2. Moliya vazirligi bir hafta muddatda mazkur qaror ilovasiga muvofiq tanlab olingan tuman (shahar)lar byudjetlariga qo‘shimcha ravishda O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan 92,7 milliard so‘m mablag‘ ajratilishini ta’minlasin.

    3. Belgilab qo‘yilsinki:

    mazkur qarorning 1-bandida belgilangan bosqichlarni inobatga olgan holda tuman (shahar) byudjetlari tasdiqlangan xarajatlarining 5 foiziga teng miqdordagi mablag‘lar jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi;

    jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar tuman (shahar) hokimliklarida byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari shaklida ochiladigan “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi” shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida jamlanadi va ushbu mablag‘larning boshqa maqsadlarga ishlatilishi qat’iyan taqiqlanadi.

    4. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Oliy Majlis Senatiga tuman (shahar)lar byudjetlari mablag‘larini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash uchun kiritsin.

    Ushbu namunaviy nizom asosida tumanlar va shaharlar hokimliklari ikki hafta muddatda:

    har bir tuman va shaharning alohida xususiyatidan kelib chiqib, tuman (shahar)lar byudjetlari mablag‘larini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirish tartibini nazarda tutuvchi qaror loyihasini;

    xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarining mas’ul xodimlaridan iborat Jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish, baholash, tanlab olish hamda ijrosini monitoring qilish bo‘yicha ishchi komissiya tarkibini tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga tasdiqlash uchun kiritsin.

    5. Tumanlar va shaharlar hokimliklari tegishli mahalliy byudjetlar mablag‘lari hisobidan jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har chorak yakunlari bo‘yicha keyingi oyning 25 sanasidan kechiktirmay o‘zlarining rasmiy veb-saytlariga va “Ochiq byudjet” portaliga joylashtirsin.

    Tuman va shaharlar hokimlariga jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga byudjet mablag‘larining o‘z vaqtida ajratilishi va ularning amalga oshirilishi jarayonini yoritib borish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

    6. Moliya vazirligiga quyidagi vazifalar yuklatilsin:

    jamoatchilik fikri asosida amalga oshiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan mablag‘larni shakllantirish tartibini takomillashtirish;

    jamoatchilik fikri asosida amalga oshiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan mablag‘larning shakllantirilishi va sarflanishi yuzasidan o‘quv-seminar va treninglar tashkil etish, mazkur jarayonning mohiyatini aks ettiruvchi o‘quv materiallarini tayyorlash;

    jamoatchilik fikri asosida moliyalashtiriladigan tadbirlarga yo‘naltiriladigan mablag‘larning shakllanish va sarflanish jarayonlari monitoringini yuritish;

    “Ochiq byudjet” portalida jamoatchilik tomonidan taklif qoldirish va ovoz berish jarayonini uslubiy, texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda boshqarish.

    7. Moliya vazirligi:

    manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 noyabrga qadar xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda fuqarolar ishtirokidagi tashabbusli byudjetlashtirishni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

    Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda joylarda aholi o‘rtasida tashabbusli byudjetlashtirishni amalga oshirish mexanizmini, uning mohiyatini keng yoritish maqsadida metodik hamda o‘quv materiallari tayyorlanishi va tarqatilishini ta’minlasin;

    manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov, moliya vaziri T.A.Ishmetov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,
    2021 yil 13 aprel