Soʻnggi yillarda soha korxonalarini qoʻllab-quvvatlash, ishlab chiqarishni kengaytirish va eksportni koʻpaytirish boʻyicha qator choralar koʻrildi. Joriy yil birinchi choragida charm sanoatida ishlab chiqarish hajmi 962 milliard soʻmni tashkil etib, oʻsish 25 foizdan oshdi. 2030-yilga qadar charm-poyabzal sanoatida ishlab chiqarish hajmini 12 trillion soʻmga, eksportni 500 million dollarga yetkazish, 12 mingta yangi ish oʻrni yaratish maqsad qilingan.

Shu bilan birga, sohada ishga solinmagan imkoniyatlar koʻpligi koʻrsatib oʻtildi. Respublikada katta hajmda teri va jun xomashyosi hosil boʻlayotgan boʻlsa-da, ularni chuqur qayta ishlash darajasi pastligicha qolmoqda. Xususan, qoʻy va echki terisini qayta ishlash darajasi 30 foiz atrofida. Yiliga tayyorlanadigan 40 ming tonna jun xomashyosining esa atigi 6 ming tonnasi, yaʼni 15 foizi qayta ishlanmoqda.

Taqdimotda korxonalar quvvatidan samarali foydalanish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, tayyor mahsulot ulushini oshirish va eksport geografiyasini kengaytirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Jumladan, Toshkent viloyatining Ohangaron tumani va Andijon viloyatining Shahrixon tumanida charm-poyabzal sanoatiga ixtisoslashgan sanoat zonalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu zonalarda ishlab chiqarish binolari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, logistika, dizayn va malaka oshirish markazlari barpo etiladi. Sanoat zonalari boshqaruvi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi huzurida tashkil etiladigan maxsus direksiyaga yuklatiladi.

Ohangaronda terini qayta ishlash korxonalari uchun ekologik talablarga javob beradigan zamonaviy sanoat zonasi tashkil etiladi. Respublikadagi 32 ta terini qayta ishlash korxonasida suv tozalash inshootlarining 70 foizi eskirgan, yagona markazlashgan tizim mavjud emas. Shu bois, yangi zonada markazlashgan suv tozalash inshooti qurilib, kuniga 8 ming kub metrgacha tozalangan suvni texnologik jarayonlarda qayta ishlatish imkoniyati yaratiladi.

Xomashyo bazasini kengaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Qoʻshni davlatlardan mol terisini markazlashgan holda import qilish, bu jarayonda tadbirkorlarga “yagona darcha” tamoyili asosida koʻmaklashish, transport xarajatlarini kompensatsiya qilish va qayta ishlovchi korxonalarni aylanma mablagʻ bilan taʼminlash taklif etildi.

Mayda shoxli mol terilarini yigʻish va birlamchi qayta ishlash tizimini takomillashtirish ham muhim vazifa sifatida belgilandi. Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida terini yigʻish va birlamchi ishlov berish punktlarini tashkil etish, qayta ishlash korxonalarini ragʻbatlantirish choralari koʻrib chiqildi.

Jun xomashyosini qayta ishlashni kengaytirish boʻyicha Sirdaryo viloyatida yangi kompleks tashkil etish taklif qilindi. Uning quvvati 30 ming tonna junni qayta ishlashga moʻljallanadi. Loyiha ishga tushsa, xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish zanjiri shakllanib, qoʻshilgan qiymat bir necha barobarga oshadi, eksport va ish oʻrinlari koʻpayadi.

Poyabzal, shu jumladan, maxsus poyabzal ishlab chiqarish hajmini oshirish, bu borada xorijiy hamkorlar bilan kooperatsiya va qoʻshma loyihalarni koʻpaytirish rejalari koʻrib chiqildi.

Taqdimotda sunʼiy charm ishlab chiqarishni kengaytirish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Jahon bozorida yirik brendlar ekologik talablar, narx va texnologik qulayliklar nuqtayi nazaridan sunʼiy charmdan foydalanishni kengaytirmoqda.

Mamlakatimizda mazkur yoʻnalishda 7 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ular natijasida 50 million pogon metr mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratilib, ichki talabning katta qismi qoplanadi, eksport oshadi.

Davlatimiz rahbari sohaga berilgan imtiyozlar oʻz-oʻzidan natija bermasligini, har bir korxona, loyiha va bozor boʻyicha aniq hisob-kitob va amaliy harakat zarurligini taʼkidladi.

Mutasaddilar va hududlar rahbarlariga korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, quvvatlardan toʻliq foydalanish, import oʻrnini bosuvchi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, xalqaro sertifikatlar olishda tadbirkorlarga koʻmaklashish boʻyicha topshiriqlar berildi.