Raqobat qoʻmitasining Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan fuqaroning “Centrum-Air” aviakompaniyasi faoliyati yuzasidan yoʻllagan murojaati oʻrganildi.
Maʼlum boʻlishicha, fuqaro 2025-yil 26-sentyabr kuni “Centrum-Air” aviakompaniyasining rasmiy sayti orqali Istanbul–Namangan yoʻnalishi boʻyicha ikki dona aviachipta sotib olgan. Biroq aviakompaniya tomonidan ortiqcha chiptalar sotilgani sababli fuqaro va uning turmush oʻrtogʻi samolyotga chiqolmay, Istanbul xalqaro aeroportida qolib ketgan.
Bir sutkadan soʻng ularga majburiy tarzda Istanbul–Toshkent reysida parvoz qilish taklif etilgan va fuqarolar shu reys orqali Oʻzbekistonga qaytib kelishgan. Mazkur holatdan norozi boʻlgan fuqaro isteʼmolchilik huquqlarini tiklash maqsadida hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Oʻrganishlar davomida “Centrum-Air” aviakompaniyasi oʻz aybi bilan yuzaga kelgan noqulayliklar uchun fuqaro bilan kelishilgan holda qator kompensatsiya va imtiyozlar taqdim etganini maʼlum qildi.
Xususan, fuqaroga 500 yevro miqdorida kompensatsiya, 865 ming 200 soʻm pullik tovon toʻlangan. Shuningdek, aviakompaniyaning istalgan yoʻnalishlariga keyingi safar uchun 20 foiz chegirma beruvchi promokod, 23 kilogramm qoʻshimcha bepul bagaj hamda parvoz vaqtida samolyotning birinchi qatoridan bepul foydalanish imkoniyati taqdim etilgan.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida fuqaroning isteʼmolchi sifatidagi huquqlari toʻliq tiklanishi taʼminlandi.