Havoda uchib yurgan chang aerozol deb, yuzaga cho'kkani esa aerogel deb ham ataladi. 

Chang aerodinamik siste'ma bo'lib, dispersion muhitni havo, dispers fazani esa qattiq zarrachalar tashkil etadi. Chang inson organizmida doim ta'sir etib turuvchi omillar turkumiga kiradi va ma'lum sharoitlarda organizmga ta'sir ko'rsatadi. 

Chang odam organizmga ta'siri bo'yicha quyidagicha tasniflanadi: 

1) fibrogen  

2) zaharli  

3)  allergenli 

4)  kantserrogen

5) qichituvchi

6) ionlantiruvchi 

Kelib chiqishi bo'yicha: 

  1. Organik - o'simlik, hayvon va boshqa trik organizmlardan ajralib chiqadigan; 
  2. Noorganik – turli qattiq moddalar (tuproq), minerallar va metallardan ajralib chiqadigan.

Dispersligi (o'lchamlari) bo'yicha: 

  1. ko'rinadigan chang - kattaligi 10 mkm dan yuqori; 
  2. mikroskopik chang - o'lchami 10 dan 0,25 mkm gacha; 
  3. submikroskopik chang - kattaligi 0,25 mkm dan kichik changlar.  

Changlarning dispersligi ularning havodagi turg'unligi, nafas yo'llariga kirish va qancha chuqurlikka kirib borish imkoniyatini belgilaydi. Changlarning o'lchami qancha kichik bo'lsa, ular nafas yo'llariga shuncha chuqur kirib boradi, o'pkada shuncha ko'p ushlanib qoladi va fibrogenlik hususiyatini oshiradi. Nafas olganda alveolalarga asosan 5 mkm gacha kattalikdagi zarrachalari kiradi. Fibrogenlik hususiyati bo'yicha 1-2 mkm bo'lgan changlar juda havfli hisoblanadi.  

Changning ko'rish organlariga ta'sir qilishi, yallig'lanishni (kon'yunktivit), professional kataraktani keltirib chiqarishi va ko'zning shilliq qavati va shox pardasiga kuchli sezuvchanlik ta'sirini ko'rsatishi mumkin. Terining ifloslanishi, har xil tarkibdagi chang har xil turdagi dermatit va ekzemalarni keltirib chiqaradi. 

Changning organizmga ta'sirining har xil ko'rinishda bo'lishini ularning kimyoviy tarkibi belgilaydi. 

Changning asosiy ta'siri eng avvalo nafas olganda vujudga keladi. Changli havo bilan nafas olish asosan nafas organlarining zararlanishi: bronxit, pnevmokonioz yoki umumiy zararlanish  rivojlanishini vujudga keltirishi mumkin. Ba'zi bir changlar qo'shimcha kasalliklarni keltirib chiqarishi xususiyatiga ega. Bularga yuqori nafas yo'llari, ko'zning shilliq qavati, teri qoplami kasalliklari kiradi. Changning o'pka yo'liga kirishi pnevmoniya, sil, o'pka rakining kelib chiqishiga sharoit yaratishi mumkin. 

Nafas olish tizimini himoya qilish uchun changga qarshi respiratorlar qo'llaniladi. Himoya ko'zoynaklari ko'zlarni chang zarralari ta'siridan himoya qilish uchun ishlatiladi. 

 Sog'lomlashtirish chora-tadbirlari: 

  1. Uy, xonadon, ishxona deraza va eshiklarni chang kirimaydigan qilib yoping; 
  2. Tashqariga va ko'chaga chiqqanda tibbiy niqobdan foydalaning; 
  3. Ko'proq suv iching; 
  4. Ochiq havoda harakat qilishni cheklang; 
  5. Og'iz va burun bo'shlig'ini tuzli eritma bilan yuvib tashlang; 
  6. Ko'zlarni yuvish tavsiya etiladi. Ayniqsa, linzadan foydalanuvchilar uchun bu juda muhim.  
  7. Tutunga to'la xonalarda chekish xavfli. Chunki ifloslangan ob-havo hisobiga salomatligimizga etadigan ziyon bir necha barobar oshib ketadi.  
  8. Xomiladorlar, emizikli ayollar, qariyalar, allergiyasi borlar, surunkali bronxitlar va bolalarning uyda bo'lishi tavsiya etiladi. 

                      Toshkent tibbiyot akademiyasi          

 epidemiologiya kafedrasi