Tun... Soat millari beozorgina “chiq-chiq”lab xonadagi sukunatni buzib turibdi. “Oy to'lishibdi”, – xayolidan o'tkazdi Shoira opa. – Ishqilib, bugun ham faqat to'rt muchasi sog' chaqaloqlar dunyoga kelsin. Umri bilan bergan bo'lsin. Ota-onasiga va el koriga yaraydigan bo'lib yetishsin...”
Ayol to'lg'onyapti. Chaqaloqning chinqirib yig'lashi hammani yengil tin oldirdi. Garchi to'lg'oqda ko'zlaridan sevinch yoshlari dumalasa-da, tug'ilajak dilbandining totli nafasini his etib quvondi. Ko'zi yarq etib ochilgan ayol qarshisidagi Shoira opaga titroq tovush bilan “rahmat” dedi. Og'rig'i xiyla chekingandek bo'ldi. Chaqalog'ini siypalab, unga kuch-quvvat bag'ishlagan doyaga dilidagi jamiki ezgu tilaklarini to'kib soldi.
- Opa, sizni birinchi qavatda kutishyapti.
Hamshiraning ovozi Shoiraxonni sergaklantirdi. Demak, yana kimgadir uning yordami kerak...
Bu ikki aro yo'l o'rtasida joni halak ayolga onalik saodati ulashishni baxt deb hisoblaydigan Uchqo'rg'on tuman tibbiyot birlashmasining tug'uruq kompleksi mudiri, qo'li yengil akusher-ginekolog Shoira opa Ahmedovaning kasbiy faoliyatidan bir lavha, xolos.
Qahramonimiz bolaligidan shifokor bo'lishni orzu qilgan. Jamalak sochli qizaloq paytidagi o'yinlarda u hamisha oq xalatli vrach bo'lardi. Aslida, bemorlar dardiga malham bo'lish xayrli yumush sanalsa, bir ayolning eson-omon ko'z yorishiga hissa qo'shish undan-da savobliroq amal. U shunday kasbni tanladi.
Maktabni a'lo baholarga tamomlab, Andijon davlat tibbiyot institutiga o'qishga kirdi. 1994-yil oliy o'quv yurtini bitirib, faoliyatini viloyat tug'uruqxonasida boshladi. U yerda O'zbekiston Qahramoni Oyshaxon Qo'chqorovaning qo'lida amaliyot o'tadi. Keyin tuman markaziy shifoxonasida mehnat qildi. 2009-yildan buyon tug'uruq kompleksi mudiri lavozimida samarali ishlamoqda. O'n bir yildirki, o'zining rahbarlik salohiyatini namoyon etib kelmoqda. Mashaqqatli va mas'uliyatli vazifasi tufayli odamlar, mutasaddilar nazariga tushdi, uni tuman kengashiga deputat etib saylashdi.
- Bir kunda bir necha homiladorning ko'zi yorisa, shuncha marta xavotir bosadi yuragimni, - deydi opa. – Axir o'sha ayolning hayoti xavf ostida turishi rost. Toki tug'uruq zalida chaqaloq yig'isi yangramaguncha, to'lg'oq azobini boshidan o'tkazgan onaning yuziga xotirjamlik inmaguncha bizning ham beparvo bo'lishga haqqimiz yo'q. Qalbida ikkinchi bir insonning yurak urishini his etayotgan ona bilan suhbatlashish naqadar zavqli va hayajonli. U qanchalar iliq tuyg'ular bilan bizga murojaat qiladi. Ayol salomatligi, farzandining taqdiri bizning qo'limizda ekan, erta-yu kech xizmatga tayyormiz.
Shoira Ahmedova boshchilik qilayotgan katta va ahil jamoada tajribali xodimlar talaygina. Gulnora Alixonova, Zohida Shamsiddinova, Dilorom To'lamirzayeva, Jamila Rahmonaliyeva, Dilfuza Tojiboyevalar o'z ishining fidoyilari. Ular haqida har qancha yaxshi e'tiroflar bildirsak yarashadi. Shoira opaga tajribali akusher-ginekolog Adolat Qo'ziyeva, Sadbarxon Azimovalar bilan yelkama-yelka ishlash nasib etgan. Halol va zahmatli mehnatlari bois bugun ustozlari kabi e'zoz-u ehtiromda.
U qo'ni-qo'shni, qarindosh-urug'ning to'y-u hashamlarida erkin o'tirolmaydi. Dugonalariga o'xshab gap-gashtaklarda yurmaydi. Xayoli faqat ishxonasida, tug'uruqxonada bo'ladi. Biror ayol mening ko'magimga muhtoj bo'lib qolmadimikan, bee'tibor qarashmayaptimikin, degan savollar uni tinch qo'ymaydi. Bu ishdan opa sira afsuslanmaydi. Aksincha, sharafli kasbidan faxrlanadi, halovat topadi. Yaratganga behad shukronalar aytadi.
- Chaqaloqlarning beg'ubor qiliqlari, shiringina jilmayishlari charchoqlarimni tarqatib yuboradi. Shunday lahzalarda kasbimdan qoniqib, ko'nglim yanada yorishib, qalbim to'lqinlanib ketadi. Yurtimizda ayol qadri, uning mavqei g'oyatda aziz va yuksak ekani har birimizni shijoat bilan mehnat qilishga, xalq manfaati yo'lida izlanishga undaydi, - deydi mamnun holda oydin tunlar bekasi.
Opa bilan xayrlashar chog'imizda tug'uruq xonasidan chaqaloqning “inga-inga”si eshitildi. Yana bir sog'lom yangi mehmon dunyoga keldi. “Inga”laring olamni tutsin, bolajon!” – degan niyat dilimizdan kechdi.
Jahongir TO'XTASINOV,
jurnalist