Charm-poyabzal, jun va moʻynachilik sohasidagi yangi imkoniyatlarimiz Belarusda taqdim etildi

    Biznes 10 Oktabr 2022 2132

    Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Belarus poytaxtida “Oʻzbekiston: charm-poyabzal, jun va moʻynachilik sohasida yangi imkoniyatlar” taqdimoti uyushtirildi.

    Mazkur tadbir Belarus poytaxtida boʻlib oʻtgan “BelTexIndustry-2022” xalqaro koʻrgazma-yarmarka doirasida tashkil etilgan “Zamonaviy sharoitlarda yengil sanoat. Loyihalar, ragʻbatlantiruvchi omillar, kooperatsiya” mavzusida muhokamalar chogʻida oʻtkazildi.

    Tadbir chogʻida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasining Moskva shahridagi vakolatxonasi rahbari Gulnora Babich dunyoning ellikdan ziyod mamlakati vakillari, yaʼni soha mutaxassislari va tadbirkorlar eʼtiboriga Oʻzbekistonda ushbu tarmoqda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, investorlar uchun yaratilayotgan imtiyozlar, eksportchilar uchun joriy etilgan qulayliklar toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlarni taqdim etdi.

    Amalda qoʻllanilayotgan bojxona va soliq imtiyozlari, soʻnggi yillarda sohaga jalb etilgan investitsiyalar hajmining keskin oshgani, mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining tashqi bozorlarda raqobatbardoshligi oshishi evaziga eksport joʻgʻrofiyasi sezilarli darajada kengaygani singari omillar natijasida 2021-yil yakuni boʻyicha 421 million dollar miqdoridagi charm-poyabzal va moʻynachilik tayyor buyumlari xorijiy mamlakatlarga eksport qilinganligi tadbir qatnashchilarida katta qiziqish uygʻotdi.

    Muhokama davomida joriy yil 12-14-oktyabr kunlari Toshkent shahrida “OʻzcharmEKSPO-2022” 13-xalqaro charm, poyabzal, attorlik, moʻyna va jun koʻrgazma-yarmarkasi oʻtkazilishiga oid maʼlumotlar ham taqdim etilgani barobarida manfaatdor tashkilotlar boʻlajak anjumanda ishtirok etishga taklif qilindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.