Charm-poyabzal korxonalari kooperatsiya aloqalarini rivojlantiradi

    Sanoat 15 Noyabr 2022 1765

    Poytaxtimizdagi «Oʻzekspomarkaz» milliy koʻrgazmalar markazida Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi oʻz ishini boshladi.

    Mamlakatimiz sanoat tarmoqlaridagi salohiyatli korxonalar oʻz mahsulotlari bilan ushbu anjumanda faol ishtirok etyapti. Toʻrt kun davomida boʻlib oʻtadigan tarmoqlararo sanoat yarmarkasi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Toshkent shahri hokimligi va Raqamli transformatsiya markazi hamkorligida tashkil etildi.

    «Oʻzcharmsanoat» uyushmasi va unga aʼzo 100 dan ortiq ishlab chiqarish korxonalari ham jamoaviy stend bilan sanoat yarmarkasida ishtirok etyapti. Ekspozitsiyadan 500 turdagi charm, poyabzal, jun va moʻyna, mahalliylashtirilgan mahsulotlar namunalari oʻrin olgan. Shuningdek, “Orient Technology”, “UzSHoes”, “Egida Simax” korxonalari yakka tartibdagi stend orqali manfaatli muloqotlarga kirishgan.

    Koʻrgazmaning dastlabki kunida Uyushma tomonidan yarmarka ishtirokchilari uchun “Mamlakatimiz charm sanoatining istiqbollari” mavzusida taqdimot boʻlib oʻtdi. Unda bugungi kunda charm-poyabzal va moʻyna sanoatining ishlab chiqarish salohiyati, investitsiya siyosati, eksport koʻrsatkichlari, bojxona va soliq imtiyozlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Shuningdek, hamkorlik qilish maqsadida boʻlgan ishlab chiqarish korxonalari uchun mahalliylashtirilgan mahsulotlar toʻgʻrisida axborot berildi.

    Koʻrgazmaning dastlabki kunida Uyushmaga aʼzo korxonalar tarmoq korxonalari bilan manfaatli muzokaralarni amalga oshirdi, deb xabar beradi «Oʻzcharmsanoat» uyushmasi matbuot xizmati.

    Tarmoqlararo sanoat yarmarkasi davom etadi.