Charm-poyabzal mahsulotlarimiz Markaziy va Janubiy Osiyo bozorlarini zabt etyapti

    Biznes 16 Mart 2023 1158

    Qozogʻistonning Olma-Ota shahrida boʻlib oʻtayotgan “Central Asia Fashion” xalqaro koʻrgazmasida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo korxonalar qator manfaatli kelishuvlarga erishdi.

    Oyiga 200 ming kvadrat/metr yarim tayyor charm mahsulotlari Hindiston bozoriga yetkazib beriladi. “Ulkan Laziz” MCHJ tomonidan erishilgan ushbu eksport shartnomasi kelgusi oydan kuchga kiradi. Endilikda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yarim va tayyor charm mahsulotlar Janubiy Osiyo bozorlariga yetkazib berilishi boshlanadi. Shuningdek, mahalliy korxona Qozogʻistonning Atыrau viloyatidagi kompaniyalar bilan 3 million dollarlik eksport shartnomasini imzoladi. 5 yilga moʻljallangan ushbu eksport kelishuvi mobaynida korxona Atыrau viloyatiga maxsus poyabzallar, tayyor charm va poyabzal mahsulotlarini yetkazib beradi.

    Toshkent viloyatidagi “Leather Apparels” korxonasi esa Rossiyalik distrbyutorlar bilan 400 dona charm kiyimlarni xaridi boʻyicha kelishuvga erishdi. Korxona mart oyining oxiridan mahsulotlarni yetkazib berishni boshlaydi.

    Andijondagi KFK korxonasi esa Qozogʻiston yengil sanoat uyushmasi bilan 3 million dollarlik shartnomani qoʻlga kiritdi. Ushbu kelishuvga asosan mahalliy korxonamiz Qozogʻiston bozoriga bolalar, erkaklar poyabzallarini yetkazib berishni boshlaydi.

    Shuningdek, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi Qozogʻiston yengil sanoat uyushmasida boʻlib, ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish yuzasidan muzokaralar oʻtkazdi. Uchrashuvda charm-poyabzal va moʻyna sohasida Oʻzbekiston tajribasini oʻrganish, yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi. Joriy yil may oyida Qozogʻiston korxonalari uchun mamlakatimizga biznes-tur tashkil etishga kelishib olindi.

    Shuningdek, 5-7-aprel kunlari Toshkentda boʻlib oʻtadigan “UzCharmExpoShoesEurAsia-2023” 14-xalqaro koʻrgazmasida ikki davlat korxonalari oʻrtasida kooperatsiyani rivojlantirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazilishi belgilab olindi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.