Uchrashuvning asosiy maqsadi soha rivojining bugungi holatini tahlil qilish, tizimli va alohida uchrayotgan muammolarni aniqlash hamda ularni hal etish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishdan iborat boʻldi.

Uchrashuvda charm-poyabzal sanoatini rivojlantirishning dolzarb yoʻnalishlari va istiqbollari, mamlakatimizda yangi yuqori texnologiyali korxonalarni tashkil etish, ishlab chiqaruvchi korxonalar sonini koʻpaytirish maqsadida mahalliy va xorijiy korxonalarni jalb etish, hamda investitsiyaviy muhitni yaxshilash boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Charm-poyabzal sanoatining rivojlanishiga toʻsqinlik qiluvchi omillar, shu jumladan xom ashyo bazasini oshirish, charm xom ashyosini qayta ishlashni chuqurlashtirish va sohadagi kadrlar malakasini oshirish zarurligi bilan bogʻliq tizimli muammolar muhokama qilindi. Koʻp tomonlama muhokama davomida koʻtarilgan masalalarni hal etish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqildi.

Shuningdek, investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari A.Voitov va “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi vakillari Bektemir tumanida joylashgan “Delta Dolphin Design”, “Ulkan Laziz”, “MMM AMIN BIO” va “Bektemir goʻsht Kombinati” MCHJ kabi bir qator korxonalarga tashrif buyurib, charm xom ashyosini tayyorlash va qayta ishlash texnologik jarayoni bilan yaqindan tanishdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.