Charm-poyabzal sanoatida marketing: Brendlar undan qanday foydalanishi kerak?

    Biznes 19 Oktabr 2022 2003

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasida Bangladesh Respublikasining “Best Sourcung” kompaniyasi taʼsischisi Mehdi Mahbub bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muloqotda mamlakatimiz charm-poyabzal va moʻynachilik korxonalarining marketing faoliyatida Bangladesh tajribasidan foydalangan xolda ishlarni tashkil etish masalasi muhokama etildi.

    Qayd etish kerak, bugungi kunda barcha sohalarda boʻlgani kabi charm-poyabzal yoʻnalishida ham hamkorlar topish, eksport geografiyasini kengaytirish, investitsiyalarni faol jalb etishda aynan marketingning oʻrni kattadir.

    Bangladesh tajribasi shuni koʻrsatadiki, samarali marketing sabab bugungi kunda aynan ushbu mamlakatda ishlab chiqarilgan charm-poyabzal mahsulotlarining eksport hajmi 1 milliard dollardan oshadi. Jahonga mashhur “Nike”, “Puma”, “Calvin Klein”, “Wrangler”, “H&M”, “Target”, Ispaniyaning “Zara” kabi brendlarining ishlab chiqarish korxonalari Bangladeshda joylashgan.

    Muloqotda mamlakatimizning charm-poyabzal tarmogʻida marketing faoliyatini yanada oshirish, xorijga chiqishda bozorni oʻrganish va uni tahlil qilish boʻyicha Bangladesh korxonalari foydalanayotgan marketing jarayonlarini qoʻllash, bayerlar dasturlarini ishlab chiqish masalalari muhokama etildi. Bu borada esa “Best Sourcung” kompaniyasi bilan yaqin hamkorlik qilish koʻzda tutilgan.

    Qayd etish kerak, hozirda Bangladeshda poyabzal va attorlik mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun yarim tayyor va tayyor charm xom ashyosi yetarli emas. Uchrashuvda Oʻzbekistondan mazkur mamlakatga mahalliy korxonalarimizda ishlab chiqarilgan charmning “Wet-Blue”, “Krast”, “Finish” koʻrinishlarini eksport qilish masalasi ham muhokama qilib olindi.

    Oʻzaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida ikki mamlakat ishbilarmonlaridan iborat delegatsiyalar uchun biznes turlarni tashkil etish boʻyicha ham tashabbuslar ilgari surildi. Buning natijasida Oʻzbekiston korxonalari Bangladeshda marketing va ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan tanishsa, Bangladeshdan kelgan investor va bayerlar Oʻzbekistondan tayyor charm, poyabzal mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha imkoniyatlarni koʻrib chiqadi.

    Shuningdek, ishlab chiqarish uchun zarur butlovchi qismlar, kimyoviy vositalarni Oʻzbekistonning oʻzida tayyorlashni kengaytirish boʻyicha ham amaliy takliflar ishlab chiqildi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.