Joriy yil 25-29-mart kunlari Shirin shahar Bolalar-oʻsmirlar sport maktabida 2007-2008 va 2009-2010-yillarda tugʻilgan yoshlar (oʻgʻil bolalar) oʻrtasida sportning boks turidan BOʻSM ochiq birinchiligi musobaqasi boʻlib oʻtdi.
Ushbu sport musobaqada Respublikamizdan jami 140 nafar charm qoʻlqop ustalari yigʻildi. Musobaqada Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Fargʻona, Namangan, Jizzax hamda Sirdaryo viloyati jamoalari ishtirok etdilar.
Musobaqada 2007-2008-yillarda tugʻilganlar 33, 35, 37, 38, 40, 43, 46, 49, 52, 55, 59, 61 va 70+ kg vazndagi bokschilar, 2009-2010-yillarda tugʻilgan sportchilar 26, 28, 30, 32, 34, 36, 38, 40, 42, 44, 50, 52, 55+kg vazndagi sportchilar yigʻildilar.
Yakuniy natijalar boʻyicha har bir vaznda gʻolib oʻrinlar sohiblari saralandi.
Murosasiz va qiziqarli janglarga boy boʻlgan ushbu musobaqa yetishib kelayotgan yosh avlodni yana bir bor imtihondan oʻtkazdi. Umumjamoa hisobida 1-oʻrin Shirin shahri jamoasi, 2-oʻrin Jizzax viloyati jamoasi, 3-oʻrin Yangiyer shahar jamoalariga nasib etdi.
Musobaqa natijasiga koʻra gʻoliblikni qoʻlga kiritgan sportchilar va ularning ustozlari Shirin shahar Jismoniy tarbiya va sport boʻlimi va Shirin shahar Bolalar-oʻsmirlar sport maktabining I-II-III darajali diplomlari va Shirin shahar Ichki ishlar boʻlimi hamda shahar Davlat soliq boʻlimi tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar, deb xabar beradi Shirin shahar hokimligi matbuot xizmati.