«Chechenka« nomi bilan mashhur bloger bolalarni oʻtkir tigʻli buyumlar bilan urishtirdi

    Ijtimoiy tarmoqlarda ayol kichik yoshdagi bolalarni oʻzaro urishtirayotgani tasvirlangan videoxabar tarqaldi.

    Mazkur holat oʻrganilib, holatga huquqiy baho berish maqsadida 14-iyul kuni IIVga tegishli soʻrov berildi, deya xabar beradi Bolalar ombudsmani.

    Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani IIB tomonidan aniqlanishicha, blogerlik bilan shugʻullanuvchi ayol A.G. (1993- yilda tugʻilgan) 13-iyul kuni Toshkent viloyatida oilaviy dam olish vaqtida kichik yoshdagi oʻgʻli va jiyanini goʻyoki hazillashib urishtirgan va bu holat tasvirlangan videoni oʻz Instagram sahifasiga joylashtirgan.

    Kecha, 15-iyul kuni fuqaro G.A. bola manfaatiga zid harakatlari uchun Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatini bajarmaslik) bilan javobgarlikka tortildi.

    Hozirda mazkur oila mutasaddilar tomonidan alohida nazoratga olingan.