Bu haqda Bojxona qoʻmitasi axborot xizmati maʼlum qildi.

Taʼkidlanishicha, 2023-yil 15-fevral kunidan Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Sirdaryo” va Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “S.Najimov” chegara bojxona posti orqali fuqarolar va yengil avtotransport vositalari harakati vaqtinchalik toʻxtatiladi.

Diplomatik kanallar orqali Qozogʻiston Respublikasidan kelib tushgan xabarga koʻra, Qozogʻiston Respublikasining “Qazigurt” (“S.Najimov”) va “Atameken” (“Sirdaryo”) oʻtkazish punktlari rekonstruksiya qilinishi munosabati bilan, joriy yilning 15-fevralidan ushbu postlar orqali piyodalar, avtobus, yengil va yuk koʻtarish qobiliyati 3,5 tn.gacha boʻlgan yuk avtotransport vositalari harakati rekonstruksiya davrida vaqtinchalik toʻxtatiladi.

Ushbu oʻtkazish punktlari orqali faqatgina yuk koʻtarish vazni 3,5 tonnadan yuqori boʻlgan yuk avtotransport vositalari harakati davom etadi.

Fuqarolar ushbu oʻtkazish punktlariga muqobil sifatida ish tartibi kunu-tun boʻlgan “Gʻishtkoʻprik” va “Yallama” hamda ish tartibi kunning yorugʻ vaqtida boʻlgan “Malik” va “Oq oltin” oʻtkazish punktlari orqali harakatlanishlari mumkin.