Chek soʻragan bolani urgan shaxsga nisbatan ish qoʻzgʻatildi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyatida 12 yoshli bolani yuziga tarsaki urgan doʻkon sotuvchisi haqida video xabarlar tarqalib, jamoatchilikning keskin eʼtirozlariga sabab boʻldi.

    Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani maʼlumot berdi.

    Shu yilning 20-iyul kuni bolaning onasi D.J. farzandi (2011-yilda tugʻilgan) Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi doʻkonda xarid qilganda QR-kodli chek soʻragani uchun sotuvchi bolani haqoratlab, bir necha bor uning yuziga urganini, sotuvchiga qonuniy chora koʻrishni soʻrab Bolalar ombudsmaniga murojaat qilgan.

    Bolalar ombudsmani murojaatga asosan holat boʻyicha oʻrganish ishlarini olib bordi.

    Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida Guliston shahridagi savdo doʻkoni sotuvchisi Z.A. (erkak kishi) jamoat joyida soʻkinib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik sodir qilgan xatti-harakatlari uchun MJtKning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan maʼmuriy javobgarlikka oid ish qoʻzgʻatilib, ish hujjatlari jinoyat ishlari boʻyicha Guliston shahar sudiga yuborildi.