Fargʻona viloyati hokimining oʻrinbosari Iqboljon Ergashev boshchiligidagi viloyat delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasi boʻylab tashrifi hududlararo oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashni maqsad qilgan.

Dastur asosida navbatdagi uchrashuv Chelyabinsk shahrida tashkil etildi.

Bu yerda ikki tomon tadbirkorlari oʻrtasida qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va tekstil sanoati hamda tibbiyot sohasida savdo-investitsion hamkorlik oʻrnatish boʻyicha B2B muzokaralar olib borildi.

Fargʻona viloyatining “Export Import Quality”, “Fergana Exim Agro”, “Farpromtexinpeks”, “YMO Premium Uniform” MCHJ korxonalari rahbarlari Chelyabinsk tadbirkorlariga oʻz mahsulotlarini taʼriflab, namunalarini taqdim etdilar.

— Rossiyaning “Wildberries” onlayn savdo platformasida Fargʻonada ishlab chiqarilgan trikotaj mahsulotlari, maxsus kiyimlar, bolalar kiyimlari, oyoq kiyimlarni sotish boʻyicha muzokaralarimiz samarali boʻldi, — deydi Yozyovon tumanidan tadbirkor, “YMO Premium Uniform” MCHJ rahbari Nodirjon Yunusaliyev.

Shuningdek, kun davomida Chelyabinsk viloyatida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qabul qilish va tarqatish markazlari imkoniyatlari muhokama etildi.

Mahalliy restoranlar tarmoqlari, konditerlik korxonalariga quritilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarni yetkazib berish istiqbollari oʻrganildi. Hozirda mahsulotlarni Chelyabinskga yetkazish shartlari va narxlar doirasida kelishuv ishlari ketyapti.

Bundan tashqari, Chelyabinsk davlat madaniyat institutida Fargʻona viloyati yoshlarini grant asosida oʻqitish yuzasidan kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.