Ammo aslo shoshilmang! Bu maʼlumotlardan ommaviy axborot vositalari, telegram kanallari va tashqi reklama obyektlari orqali xabardor boʻlgansiz, albatta. Reklama qanchalik toʻgʻri, notoʻgʻri ekanligi oʻz yoʻliga, unga ishonsangiz ham tegishli vazirlik va idoralardan bu haqda toʻliq maʼlumot olsangiz foydadan holi boʻlmaydi.
Reklamada notoʻgʻri, ishonchsiz va isteʼmolchini chalgʻituvchi bunday maʼlumotlar berilgan, ammo aslida…
- 1. Taʼlim shakllari-“Taʼlim shakli: kunduzgi va masofaviy”, “Onlayn oʻqish imkoniyati”
Maʼlumot oʻrnida:
Hozirda Oʻzbekiston Respublikasida masofaviy taʼlim shakli mavjud emasligi sababli, xorijiy oliy taʼlim muassasalarining masofaviy taʼlim shaklida oʻqigan talabalar oʻqishini Oʻzbekiston Respublikasi OTM koʻchirishga RUXSAT ETILMAYDI (Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom).
- Taʼlim yoʻnalishi – “Universitetda barcha yoʻnalishlar mavjud”, “100 dan ortiq yoʻnalishlar bor”, “100 dan ortiq fakultetlar mavjud va masofaviy taʼlim ham yoʻlga qoʻyilgan”
Maʼlumot oʻrnida:
Reklamalarda “barcha” soʻzini ishlatish yoki “100 dan ortiq yoʻnalish yoki fakultetlar mavjud” iboralaridan foydalanish taqiqlanadi (Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunni 6-moddasi).
3.Universitet mavqei
“Dunyoning TOP universitetlar roʻyxatiga kiritilgan”, “Bir necha oʻn yillik tajribaga ega”
Maʼlumot oʻrnida:
“Reklama qilinayotgan xorijiy OTMlar quyidagi OTMlarning xalqaro reytingidan joy olmagan taqdirda: “Quacquarelli Symonds” Britaniya kompaniyasining dunyo universitetlari reytingi (universitetov mira QS britanskoy kompanii Quacquarelli Symonds), Times Higher Education (THE) dunyo universitetlari reytingi (mirovoy reyting universitetov Times Higher Education (THE), ARWU Shanxay dunyo OTM reytingi (Shanxayskiy reyting vuzov mira ARWU) bu kabi reklamani amalga oshirish taqiqlanadi.
Bu iboralarni “Quacquarelli Symonds” Britaniya kompaniyasining dunyo universitetlari reytingi, Times Higher Education (THE) dunyo universitetlari reytingi, ARWU Shanxay dunyo OTM reytingiga kiritilgan taqdirda ishlatish maqsadga MUVOFIQ HISOBLANADI.
- Oʻqishni koʻchirib oʻtish: “Oʻzbekistonga hech qanday muammolarsiz oʻqishni koʻchirish (perevod) imkoniyati mavjud”, “2-kursdan soʻng muammolarsiz Oʻzbekiston oliy oʻquv muassasalariga koʻchirib oʻtkazishingiz (perevod) mumkin”;
Maʼlumot oʻrnida:
Foydalanilgan iboralarda haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan soʻzlar, yaʼni “muammolarsiz”, “hech qanday qiyinchiliklarsiz” ishlatilgan boʻlib, reklamada taqiqlanadi (Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunni 6-moddasi).
Xorijiy OTMlaridan respublikamiz OTMlariga oʻqishni koʻchirish muammolarsiz emas, balki maxsus sinov (test yoki yozma ish yoki kasbiy (ijodiy) imtihon shaklida)ni ijobiy topshirgan taqdirdagina Davlat komissiyasi qarori bilan amalga oshiriladi;
Bunda talaba oʻqishni olib borayotgan xorijiy davlatning OTM akkreditatsiyasi mavjud boʻlishi lozim, aks holda oliy taʼlim muassasalarida yoki ularning filiallarida oʻqigan yoki oʻqiyotgan fuqarolarga oʻqishini koʻchirish haqidagi arizasi RAD ETILISHIGA asos boʻladi (Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom).
- Diplomni tan olish – “Chet elda olgan diplomlaringiz bilan nostirifikatsiya imtihonlarisiz MDH davlatlarida ishlashingiz mumkin”, “Diplom Oʻzbekistonda tan olinadi”, “Diplom: Oʻzbekistonga oʻtadi”, “Diplom barcha MDH davlatlari, yaʼni “Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi)ga oʻtadi”
Maʼlumot oʻrnida:
Xorijiy davlatlarda oliy taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar – diplomlarni tan olish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi qoshidagi hududiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi (Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyuldagi 620-son qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqida”gi nizom).
Oʻz navbatida, Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan chet davlatlar oliy oʻquv yurtlariga (aksariyat hollarda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston) oʻqishga kirish, taʼlim olish yuzasidan joylashtirilayotgan reklamalarning olib borilgan nazorat tahlilida baʼzilari “Reklama” toʻgʻrisida”gi Qonunga zid holatda joylashtirilayotgani (tarqatilayotgani) maʼlum boʻldi. Agentlik tomonidan ommaviy axborot vositalari, telegram kanallari va tashqi reklama obyektlariga isteʼmolchilarni chalgʻituvchi, aniq maʼlumotga ega reklama tarqatmasliklari boʻyicha ogohlantiruvchi xatlar yuborildi.
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi
Reklama bozorini tartibga solish boshqarmasi.