Taʼkidlanganidek, mehnat migratsiyasi hajmining ortishi, xorijda boʻlib qaytayotgan fuqarolar sonining koʻpayishi hamda chet el fuqarolarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelishi inson salomatligi uchun xavf tugʻdiruvchi yuqumli kasalliklarni barvaqt aniqlash va ularning tarqalishining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish zaruratini yuzaga keltiryapti.

Ushbu qonun loyihasi inson uchun xavfli boʻlgan yuqumli kasalliklarni oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan boʻlib, unda 90 kundan ortiq muddatda chet elda boʻlib qaytgan Oʻzbekiston fuqarolarini hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun mamlakatimizga kelgan xorijliklarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish nazarda tutilmoqda.

Xususan, uzluksiz toʻqson kun va undan ortiq muddat davomida chet elda boʻlib qaytgan oʻn sakkiz yoshdan oltmish yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikamizga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish belgilanmoqda.

Yigʻilishda tashabbuskorlar deputat Sherzod Qulmatovning nima uchun 90 kun belgilanayotgani masalasiga izoh berarkan, bu yuqumli kasallik inson organizmida 90 kundan soʻng oʻzini namoyon qilishini qayd etdi. U shuningdek, chet eldan qaytgan fuqaro agar oʻzining, oilasining sogʻligini oʻylasa, tezda tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozimligini bildirdi.

Uning bildirishicha, mazkur hujjat inson salomatligi uchun xavf tugʻdiruvchi yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish, aholi salomatligini muhofaza qilish, mehnat migratsiyasi jarayonlarida ijtimoiy xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha taʼsirchan huquqiy mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Muhokamalardan soʻng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.