Ijtimoiy himoya milliy agentligining xabar berishicha, Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari koʻmagida Novosibirsk va Moskva shaharlaridan xalqaro kelishuvlarga muvofiq, uch nafar voyaga yetmagan Oʻzbekiston fuqarosi Vatanga qaytarildi.
Bolalar Toshkent shahri IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazi tomonidan qabul qilindi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi koʻmagida ota-onalariga topshirildi.
Ushbu holatda, voyaga yetmagan shaxslar ota-onasining yaqin qarindoshiga ishonchnoma asosida Rossiya Federatsiyasiga borgan boʻlib, ammo ushbu ishonchnoma Rossiya hududida yuridik kuchga ega emasligi sababli voyaga yetmagan fuqarolar ota-onasi qarovisiz qolgan deb eʼtirof etilgan.
Olib kelingan bolalar va ularning oilalariga ijtimoiy xizmatlar ularning yashash manziliga yaqin boʻlgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan koʻrsatiladi.
"Oʻz oʻrnida, ota-onalardan voyaga yetmagan farzandlarini nazoratsiz chet el davlatiga joʻnatmaslikni, dastlab, ushbu davlatning qonunchiligini batafsil oʻrganish kerakligini eslatib oʻtamiz", deyiladi xabarda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan xorijda qiyin vaziyatga tushgan bolalarni vatanga qaytarish va ularga ijtimoiy yordam koʻrsatish boʻyicha olib borilayotgan chora-tadbirlar davom etmoqda.