Ana shunday taqdirlar haqida hikoya qiluvchi “INSON” filmining ikkinchi soni tomoshabinlarga taqdim etildi. Mazkur film inson taqdiri, mehr-oqibat va qo‘llab-quvvatlashning hayotni qanday o‘zgartirishi mumkinligini ta’sirli tarzda ochib beradi.

Joriy yilning 13-mart kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan an’anaviy tarzda amalga oshirib kelinayotgan “INSON” filmining ikkinchi soni premerasi Toshkent shahridagi “Renessans Hall” kino uyida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda soha mutaxassislari, kino ijodkorlari, kino ixlosmandlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ma’lumki, 2025-yilda mazkur filmning ilk soni namoyish etilgan edi. Unda Namangan viloyatida yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxsning hayotiy sinovlarga qaramay namoyon etgan haqiqiy jasorati va matonati asosida ta’sirli kartina yaratilgan. Film “Ikki taqdir, bir makon: o‘xshash og‘riqlar, sinovlarda yengilmagan chegarasiz insonlar. Baxt asl maqsadini unutmasdan harakatda davom etuvchilarni sevadi” g‘oyasi asosida ishlangan.

Bu galgi film qahramonlari — Qoraqalpog‘iston Respublikasidan bo‘lgan, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan uch nafar boladir. Ushbu bolalarga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi hamda mahallada faoliyat yurituvchi ijtimoiy xodimlar tomonidan zarur ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilib, ularning hayotida muhim va ijobiy o‘zgarishlar yuz berishiga zamin yaratilgan.

Filmda bolalarning avval mehribonlik uyida tarbiyalangani, keyinchalik esa kichik hajmdagi oilaviy bolalar uylarida tarbiya topgani, ularning hayot yo‘li, orzu-intilishlari va kelajakka bo‘lgan umidlari ta’sirli tarzda yoritib berilgan.

Shuningdek, 2025-yilning 1–2 may kunlari Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida Agentlik tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Inson uchun” savdo-ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tgani ham eslab o‘tildi. Mazkur ko‘rgazmada nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlagan tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etildi.

Ko‘rgazma doirasida “Muvaffaqiyatlar tarixi” loyihasi ilk bor taqdim etildi. Unda ijtimoiy va psixologik yordam, reabilitatsiya, kasbga tayyorlash hamda bandlik orqali jamiyatda o‘z o‘rnini topgan insonlarning ilhomlantiruvchi hayot yo‘li haqida ta’sirli hikoyalar namoyish etildi.

Mazkur taqdimot davomida Orazbayev Murat, Uzaqbergenov Berdaq va Yerimbetov Abdulaziz ijrosida “Inson” qo‘shig‘ining premerasi ham bo‘lib o‘tdi.

“INSON” filmining ikkinchi soni oddiy insonlarning hayoti, his-tuyg‘ulari, qiyinchiliklari va yutuqlari haqida hikoya qiluvchi ta’sirli kartina hisoblanadi. Asarda mehr-oqibat, qo‘llab-quvvatlash va ichki kuch orqali inson qadr-qimmati qanday namoyon bo‘lishi chuqur yoritiladi.

Film markazida jamiyat ko‘pincha e’tibor bermaydigan, ammo o‘z hayoti va kurashi bilan boshqalarga saboq bera oladigan insonlar turibdi. Kartina real voqealar asosida yaratilgan bo‘lib, og‘ir sinovlarni boshdan kechirgan, ammo taslim bo‘lmay, oldinga intilgan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar taqdirini ochib beradi.

Filmning eng ta’sirli jihati shundaki, unda aktyor sifatida aynan shu voqealarni boshidan kechirgan insonlarning o‘zi ishtirok etadi. Ular o‘z hayotini, o‘z og‘rig‘i va g‘alabasini o‘zlari ifoda etadi.

“INSON” filmining ikkinchi soni nafaqat bir nechta inson taqdirini yorituvchi kartina, balki jamiyatda mehr, hamjihatlik va qo‘llab-quvvatlash qanchalik muhim ekanini yana bir bor eslatadi. Film orqali og‘ir sinovlarga duch kelgan, ammo umidini yo‘qotmay, hayot uchun kurashgan insonlarning ta’sirli qissalari tomoshabin qalbiga chuqur ta’sir ko‘rsatadi.

— “Yaratilgan inson” filmi oddiy badiiy loyiha emas. U haqiqiy insonlarning hayoti va taqdirlari asosida yaratilgan bo‘lib, unda jamiyatdagi turli hayotiy sinovlarni yengib o‘tayotgan insonlar qissasi aks ettirilgan, — dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i, matbuot kotibi Dilfuzabegim Ruzmetova.

Uning ta’kidlashicha, loyiha hududlarga xizmat safarlari davomida insonlar bilan o‘tkazilgan suhbatlar asosida shakllangan. Suhbatlar jarayonida har bir murojaat ortida og‘ir hayotiy sinovlar, sabr va kuch, eng muhimi esa insonlarning hayot uchun kurashi mujassam ekani namoyon bo‘lgan.

— Bunday taqdirlar faqat eshitilib qolmasdan, jamiyat tomonidan ham ko‘rilishi kerak. Shu sababli filmda qahramonlar sifatida aynan o‘sha insonlarning o‘zi ishtirok etdi. Chunki ular boshidan kechirgan hayot yo‘li va erishgan g‘alabalarini eng samimiy tarzda o‘zlari ifoda eta oladi, — dedi u.

Matbuot kotibining qayd etishicha, film insonlar o‘rtasida mehr-muhabbat, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va befarq bo‘lmaslik kabi muhim qadriyatlarni targ‘ib qiladi. Ushbu son yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar taqdiriga bag‘ishlangan. Loyihaning ilk soni esa nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning hayotda erishgan yutuqlari haqida hikoya qilgan.

Eng muhimi, film inson irodasi va mehr-oqibat tufayli har qanday qiyinchilikni yengib o‘tish mumkinligini namoyon etadi. Shu jihati bilan “INSON” nafaqat kinoasar, balki hayot haqiqatini aks ettiruvchi ilhom manbai sifatida ahamiyat kasb etadi.

Zulxumor Akbarova