Xorijda ishlash istagidagi fuqarolarga huquqiy-amaliy yordam koʻrsatish, mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish dolzarb masala. Keyingi yillarda mazkur sohada tizimli islohotlar amalga oshirilib, muhim vazifalar belgilab berildi.2020-yil 20-oktyabrda “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinib, unda fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi mehnat faoliyatiga doir huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi mustahkamlab qoʻyildi.

Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yana-da takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi, “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari qabul qilinib, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi tashkil etildi. Mehnat migrantlarining sogʻligʻi va hayotini sugʻurtalash, ularning oila aʼzolari uchun ipoteka kreditlarini ajratish amaliyoti joriy etildi.

Biroq, tahlillar tashqi migratsiya masalalarini tartibga solishda bir qator muammolar ham mavjudligini koʻrsatmoqda. Xususan, chet elga ishlash uchun ketgan 1 840,0 ming nafar migrantning atigi 11 ming nafari, yaʼni 0,6 foizi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi yoki xususiy bandlik agentliklari orqali yuborilgan, xolos. Aksariyat hollarda fuqarolar chet elga ishlash uchun noqonuniy yoʻllar bilan ketishga majbur boʻlmoqda. Oqibatda ish haqlarini olish, turar joysiz qolgan fuqarolarga bir martalik moddiy yordam koʻrsatish, baxtsiz hodisa natijasida ogʻir jarohat olgan, kasallikka chalingan shaxslarga tegishli koʻmak berish masalarida ham ayrim muammolar mavjud.

Yuqoridagilarga koʻra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziriga parlament soʻrovi yuborilgan edi. Soʻrovda vazirlikdan hamyurtlarimizni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish va sohadagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar hamda sohaga oid qonunchilikni yana-da takomillashtirish masalalari yuzasidan nuqtayi nazarini bildirish soʻralgandi.

Parlament soʻroviga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidan javob keldi. Unda vazirlik tomonidan fuqarolarning mehnat va ijtimoiy huquqlari himoya qilinishini taʼminlash, tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida axborot berilgan.

Jumladan, salohiyatli ish beruvchilarni qidirib topish va hamkorlik oʻrnatish borasida bir qator xorijiy davlatlarning mehnat bozori oʻrganilgan va muzokaralar olib borilgan. Oʻrganishlarda Rossiya Federatsiyasi va Qozogʻiston Respublikasida qurilish sohasida oʻzbekistonlik fuqarolariga ehtiyoj yuqoriligi maʼlum boʻlgan. Salohiyatli ish beruvchilar va ulardagi ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar vazirlik va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rasmiy axborot manbalarida va “labog-migratiop” dasturiy majmuasida yoritib borilgan. Xorijiy ish beruvchilar bilan mamlakatimiz fuqarolarini tashkiliy tanlov asosida vaqtinchalik mehnat faoliyatiga jalb qilish boʻyicha qator davlatlardagi mutasaddi tashkilotlarga hamkorlik boʻyicha aloqa xatlari yuborilgan.

Rossiya Federatsiyasida ishlash istagida boʻlgan fuqarolar uchun ushbu mamlakatning bir qator kompaniyalari ishtirokida videokonferens aloqa shaklida 24 ta tanlov oʻtkazilib, unda ishtirok etgan 17,6 ming nafar oʻzbekistonliklardan 6 mingtasi ish beruvchilar talabiga javob bergani uchun tanlab olingan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Koreya Respublikasi Yanggu okrugi administratsiyasi oʻrtasida Oʻzbekiston fuqarolarini Koreya Respublikasiga (“Ye-8” viza turi) mavsumiy ishlarga jalb qilish maqsadida memorandum, Germaniya Federativ Respublikasining “GfM GmbH & So, KG” va “HR ARENA GmN” kompaniyalari bilan onlayn uchrashuvlar natijasida Oʻzbekiston fuqarolarini Germaniya hududida “dual tizimi” asosida ishga joylashtirish boʻyicha bitim imzolangan. Kanadaning “Sobirovs Law Firm” firmasi va “Apori Management somrapu” yuridik firmalari vakillari bilan onlayn formatda oʻtkazilgan muzokaralar natijasida kelishuv imzolanib, fuqarolarimizni Kanadaga ishga yuborish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Joriy yilning 16-mart kuni Namangan shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida Moskva shahri “Koʻp tarmoqli migratsiya markazi”ning Oʻzbekistondagi filiali ochilgan.

“COVID-19” pandemiyasi davrida xorijda boʻlib turgan 69 ming nafar mehnat migrantiga maslahat-axborot xizmati, 1240 nafariga huquqiy yordam koʻrsatilgan. 3120 nafar mehnat migrantiga turli darajadagi ijtimoiy yordamlar koʻrsatilgan. Ogʻir vaziyatga tushgan mehnat migrantlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida 1026 ta holatda amaliy yordam berilgan, 13,2 ming nafar mehnat migrantining oilasiga moddiy yordamlar koʻrsatilgan.

“Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining 261-bandi ijrosi boʻyicha 2021-yil 20-mart kuni “Xorijiy mamlakatlardagi Oʻzbekiston mehnat migrantlariga xizmat koʻrsatish ularning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish tizimini tybdan rivojlantirish boʻyicha idoralararo chora-tadbirlar rejasi” tasdiqlangan.

Parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalar yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilishini maʼlum qilgan.