Chet elliklar Rossiya vizasini olishdan oldin suhbatdan oʻtadilar

    Rossiya vizasini olishni xohlovchi xorijliklar endi taqdim etilgan maʼlumotlarni tekshirish uchun suhbatdan oʻtishlari shart.

    Rossiya hukumatining yangi farmoni bilan kiritilgan ushbu chora tashrif maqsadi va mamlakatda qolish shartlarini tasdiqlashga qaratilgan. Suhbat davomida ariza beruvchilar oʻz niyatlarini tasdiqlovchi qoʻshimcha hujjatlarni taqdim etishlari mumkin.

    “Chet el fuqarosiga viza berish masalasini koʻrib chiqishda, Rossiya Federatsiyasiga safar maqsadi va Rossiya Federatsiyasi hududida boʻlish shartlarini tasdiqlovchi maʼlumotlarning toʻgʻriligini qoʻshimcha ravishda tekshirish uchun vakolatli davlat organi chet el fuqarosi bilan shaxsiy suhbatni amalga oshiradi”, — deyiladi hujjatda.

    Rossiyaga kirish uchun Yevropa, AQSH, Kanada, Avstraliya va Afrika va Janubiy Amerikaning bir qator mamlakatlari fuqarolari uchun viza talab qilinadi. Biroq, MDH davlatlari, Kuba, Venesuela, Xitoy, Turkiya va Serbiya fuqarolari uchun imtiyozli shartlar yoki vizasiz rejim mavjud.

    Bundan tashqari, 55 davlat fuqarolari konsullik muassasalaridan oʻtmasdan elektron viza olish uchun ariza topshirishlari mumkin. Yagona elektron viza joriy etilganidan buyon 540 mingdan ortiq kishi ushbu imkoniyatdan foydalandi, ular orasida Xitoy, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Turkiya va Estoniya fuqarolari yetakchilik qilyapti, deb xabar beradi Kazinform.

    Rossiya Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yil davomida eng koʻp elektron vizalar Xitoy fuqarolariga berilgan – 254,2 mingta. Kuchli uchlikka Saudiya Arabistoni (43,4 ming viza) va Germaniya (42,6 ming viza) kirdi. Toʻrtinchi va beshinchi oʻrinlarda Turkiya (32,8 ming viza) va Estoniya (28,6 ming viza) joylashgan.