Butun xalqimiz Prezidentimiz Murojaatnomasini intiqlik bilan kutgani rost. Sababi, unda tilga olingan qaysi soha boʻlmasin, avvalo, tub ildizidagi maqsad xalq farovonligiga qaratiladi. Kutilganidek, Murojaatnomada biror soha eʼtibordan chetda qolmadi. Har birining yutuq va kamchiliklari, kelgusidagi vazifalari tahlil qilindi.

2023-yilning yurtimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilinishi alohida eʼtirofga loyiq. Chunki taʼlim sifati va jamiyat taraqqiyoti oʻzaro chambarchas bogʻliq. Sifatli taʼlim yoʻlga qoʻyilsa, bilimli, raqobatbardosh, zamonaviy kompetensiyalarga ega kadrlar yetishib chiqadi. Bunday mutaxassislar esa kasbiy va boshqaruv faoliyatida oqilona qarorlar qabul qilish orqali yurt ravnaqiga hissa qoʻshadi.

Rivojlangan davlatlar tajribasini tahlil qilsak ham asosiy omil sifatida taʼlimga qaratilgan jiddiy eʼtiborni koʻrishimiz mumkin. Jumladan, har qanday davlatning investitsiyaviy jozibadorligi aholining intellektual salohiyati bilan belgilanadi. Prezidentimiz Yangi Oʻzbekistonni “Ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurishni eʼtirof etib, eng katta investitsiya taʼlimni qoʻllab-quvvatlashga qaratilishini alohida taʼkidladi.

Zotan, “Najot — taʼlimda, najot — tarbiyada, najot — bilimda. Chunki barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”. Bugun zamon har qachongidan ham tezlashdi. Shu bois, zamon talablari asosida oʻqitish ham yangilanishi va rivojlanishi zarur. Endi bilim oluvchilar ham, taʼlim beruvchilar, qolaversa, taʼlim mazmuni ham yangilanishi, oʻzgarishi kerak.

Biz faoliyat yuritayotgan oliy taʼlim muassasasida ham jarayon davom etmoqda. Negaki, talabalarda erkin va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot koʻnikmalarini shakllantirish barchamizning burchimiz. Prezidentimiz oliy taʼlim muassasalari faoliyatiga toʻxtalib, soʻnggi yillarda oliygohlarimiz 2,5 barobar koʻpayib, qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshganini taʼkidladi. Son jihatdan bu kichik koʻrsatkich emasligi, lekin taʼlim sifati masalasini ham unutmaslik kerakligiga alohida urgʻu berib oʻtdi.

Buning uchun har bir oliygoh oʻzi harakat qilishi, shundagina aniq natija boʻlishi aytildi. Oxirgi vaqtlarda darsliklar va ularning saviyasi, yaʼni taʼlim mazmuni ilmiy-texnik taraqqiyot darajasidagi zamonaviy talablarga javob bermasligi koʻplab tanqidlarga sabab boʻlayotganiga guvohmiz. Bu borada kelgusi yildan boshlangʻich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar boʻyicha oʻqitish yoʻlga qoʻyilishi, maktab taʼlimi xalqaro taʼlim dasturlari asosida butunlay isloh qilinishini qayd etib oʻtdi.

Murojaatnomada koʻzda tutilgan muhim yoʻnalishlar donishmand mutafakkirlarimizning fikrlari va ilmiy asoslangan tajribalarga tayanilgan holda jamiyat hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan boʻlib, inson manfaatlarini roʻyobga chiqarishga qaratilgani keng jamoatchilik va butun xalqimiz tomonidan iliq kutib olindi.

Prezidentimizning 2021-yil 19-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, soʻnggi ikki yilda institutimizda qabul kvotasi ikki barobar, davlat granti esa uch barobar oshirildi. Bundan tashqari, bir necha yangi taʼlim yoʻnalishlari ham ochildi.

Yildan-yilga institutga oʻqishga kirish maqsadida hujjat topshiruvchilar va talabalar soni ortib bormoqda. Bu esa oʻz-oʻzidan yangidan-yangi oʻquv binolari, talabalar turar joylari va kutubxonalar qurishni, jumladan, yangi taʼlim yoʻnalishlari, fakultetlar hamda filiallarni ochishni taqozo etmoqda. Ehtiyojdan kelib chiqib, 2022/2023 oʻquv yilida davlat-xususiy sheriklik asosida 1 ming 500 oʻringa moʻljallangan talabalar turar joyi, shuningdek, uch qavatli zamonaviy axborot-resurs markazi qurilib, foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, mavjud va foydalanishga yaroqsiz boʻlgan ming oʻringa moslashgan toʻrt qavatli oʻquv binosi hamda 350 oʻrinli talabalar turar joyi mukammal qayta taʼmirdan chiqarildi. Biz bu bilan talabalarni turar joy bilan taʼminlab, zamon talablariga mos jihozlangan oʻquv xonalarida taʼlim olishiga imkon yaratdik, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Ayni damda jahon andozalariga javob beradigan ikki ming oʻrinli yangi oʻquv binosi qurilyapti. Shuningdek, ming oʻringa moslashgan yana bir oʻquv binomizda qayta taʼmirlash ishlari davom etmoqda.

Jumladan, ochiq sport maydoni, yopiq sport majmuasi, taʼlimda klaster tizimini joriy qilish maqsadida maktabgacha taʼlim muassasasi hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab qurish ishlari ham istiqboldagi rejalarimizdan oʻrin olgan. Prezidentimiz aytganidek, bolalarimiz maktabdan ona tili va chet tillarni puxta oʻzlashtirib, kompyuterda ishlashni oʻrganib chiqishi zarur.

Farzandlarimizni kasb-hunarlarga, sanʼat va madaniyatga qiziqtirishimiz lozim. Oʻquvchilarda erkin va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot koʻnikmalarini shakllantirish ham davr talabi. Maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiy yoshlarga qarata murojaat qilib, oʻz davrining ilm-fan tili boʻlgan arab, fors, turk va rus tilini mukammal oʻrganishga daʼvat qilgan. Chunki til bilmasdan jahonga chiqib boʻlmasligini maʼrifatparvarlar juda yaxshi anglagan. Bugungi kunda Samarqand davlat chet tillar instituti ham umumtaʼlim maktablarida sifatli taʼlimga hissa qoʻshmoqda.

Jumladan, viloyatdagi 111 ta maktabga institutning yuzdan ziyod tajribali rahbar-xodim va professor-oʻqituvchilari masʼul etib biriktirilgan. Maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularga metodik yordam koʻrsatish maqsadida yangi oʻquv-uslubiy darsliklar va zamonaviy badiiy adabiyotlar, oʻquv jihozlari yetkazib berildi. Shu maqsadda 60 million soʻmdan ortiq mablagʻ sarflandi.

Oʻtgan yil 1-yanvardan boshlab yurtimizdagi 35 ta oliy taʼlim muassasasiga moliyaviy, akademik va tashkiliyboshqaruv mustaqilligi berildi. Ular qatorida Samarqand davlat chet tillar instituti ham bor. Ayni paytda bunday oliygohlar soni 41 tani tashkil etmoqda. Ushbu tizimga oʻtishdan oldin xorijiy tajriba oʻrganilib, tegishli vazirlik bilan kelishilgan holda moliyaviy mustaqillikka oʻtildi.

Birinchi navbatda, ushbu tizimga oʻtgan oliygohlarga taʼlim bozoridagi talab va taklifdan kelib chiqqan holda hamda muassasaning ilmiy-pedagogik salohiyati, moddiy-texnik bazasini inobatga olib, yangi oʻquv yoʻnalishlari ochish, talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish parametrlari va toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymatini belgilash huquqi beriladi. Moliyaviy mustaqillikning yana bir afzalligi topiladigan daromadni kam taʼminlangan oilalar farzandlari boʻlgan talabalarga sarflash, ularga moddiy yordam berish, ragʻbatlantirish mumkin.

Shuningdek, oliy oʻquv yurti zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qoʻllaydigan, ilmiy izlanish olib boradigan mahalliy hamda xorijiy professor-oʻqituvchilar, mutaxassislarni shartnoma asosida oʻquv jarayoniga jalb qila oladi. Moliyaviy mustaqil boʻlganimiz bois, oxirgi ikki yilda qator ishlarni bajardik. Jumladan, institutimizda tahsil olayotgan talabalar muntazam moddiy ragʻbatlantirilmoqda.

Samarqand davlat chet tillar instituti xorijiy oliygohlar bilan aloqa oʻrnatish borasida ham oʻziga xos oʻringa ega. Bugungi kunga qadar institut yuzga yaqin nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni davom ettirmoqda. Bu yil Turkiyaning Mehmet Akif Ersoy universiteti bilan hamkorlikda turk tilini, Ispaniyaning Kastilla-La Mancha universiteti bilan birgalikda ispan tilini oʻqitish boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyishni maqsad qilganmiz.

Prezidentimizning 2019-yil 8-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan, institutda xalqaro reytinglar boʻyicha ishlash boʻlimi tashkil etildi. Shuningdek, xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori 1000 talik roʻyxatga kirish boʻyicha maqsadli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, xalqaro reytinglar bilan ishlash boʻyicha 2021-2023-yillarga moʻljallangan “yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Natijada Samarqand davlat chet tillar instituti mamlakatimizdagi 28 ta oliy taʼlim muassasasi qatorida World University Rankings — 2023 xalqaro reytingida daʼvogar maqomiga ega boʻldi. Mazkur 28 ta oliy taʼlim muassasasi nufuzli reytinglarga kirish uchun nomzod sifatida tanlanib, bunda reyting agentligi ularga yaqindan yordam berishi taʼkidlandi.

Murojaatnomada keltirilgan barcha yoʻnalishlar, oldimizga qoʻyilgan vazifalarga jasoratli mehnat bilan birga Vatanimizni sevish, xalqimiz, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun fidoyi boʻlish orqaligina erisha olamiz. Buning uchun shu yurtda yashayotgan fuqaro, pedagog sifatida davlatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishni oʻzimizning asosiy vazifamiz deb bilamiz.