“Smart Readers” loyihasi ingliz tilida hikoyalar oʻqish tanlovi boʻlib, Prezidentimiz tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan beshta tashabbusning toʻrtinchi qismi — yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ular oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etishga qaratilgandir.

Shuningdek, bu borada xorijiy tillarni puxta oʻzlashtirish, tilning asosiy koʻnikmalarini shakllantirish uchun videorolik, oʻyin, koʻngilochar koʻrsatuv, film va boshqa oʻrgatuvchi kontent yaratilishi ham koʻzda tutilgan. Mazkur musobaqada ingliz tili oʻqituvchilari Sharlotta Brontening “Jane Eyre” hikoyasi asosida tayyorlangan turli savol javob va rolli oʻyinda ishtirok etdi.

Ushbu tadbir bilan bir vaqtda, maktabgacha taʼlim tashkilotlarining katta va tayyorlov guruhlarida xorijiy tillarni oʻrgatish uchun oʻquv-uslubiy “New Yippee!” qoʻllanmasi asosida sifatli va qiziqarli darslar tashkil etish mavzusida oʻquv treningi boʻlib oʻtdi. Uni taʼlim yoʻnalishida koʻplab seminar va konferensiyalar ishtirokchisi, barcha darajalarda ingliz tilini chet tili sifatida oʻrgatish boʻyicha katta tajribaga ega xalqaro toifadagi trener Gregg Sotiropoulos olib bordi.

Muxtasar aytganda, “Smart Readers” musobaqasidan koʻzda tutilgan maqsad ham loyiha qatnashchilarini faol ishtiroki uchun munosib taqdirlash, motivatsiya berish va albatta, bu orqali ularning kelgusi til oʻrganish jarayonlariga ijobiy taʼsir koʻrsatishdir.