UzAuto Motors tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillar yana bir bor Qozogʻiston avtomobil bozori reytingining birinchi oʻrinlariga chiqdi. Qozogʻiston avtomobil biznesi assotsiatsiyasining (AKAB) maʼlumotlariga koʻra, 2020-yil dekabr oyida Qozogʻiston avtomobil bozorida jami 2493 dona Chevrolet rusumli avtomobillar sotilib, mamlakat yangi avtomobillar bozori umumiy hajminig 26,7% tashkil etdi.

Qozogʻiston avtomobil bozoridagi keng tanlovga qaramay, 2020-yil davomida UzAuto Motors tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillar sotishdagi ulushini oshirishda davom yetmoqda va eng koʻp sotilgan brendlar reytingida yuqori oʻrinlarni egallab turibdi. Shunday qilib, oʻtgan yilning dekabr oyida Chevrolet yana Hyundai, Lada, Toyota va Kia kabi brendlarni ortda qoldirib, TOP-5 brendlari yetakchisiga aylandi.
Eng koʻp sotilgan avtomobillar orasida birinchi oʻrinni Chevrolet Cobalt egalladi, ikkinchi oʻrinda Chevrolet Nexia sotilgan. Xuddi shu modellar 2020-yilning oktyabridan dekabrgacha boʻlgan davrda eng ommabop avtomobillar reytingini egalladi.

Kozogʻistonda 2020-yil IV chorak yakunlariga koʻra, 2892 dona Chevrolet Cobalt va 2615 dona Chevrolet Nexia avtomobillari sotildi.