Chevrolet Cobalt avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiya ochiladi

    2025-yil 3-noyabr kuni soat 10:00 dan boshlab Chevrolet Cobalt uchun onlayn kontraktatsiya. Shu kuni barcha Chevrolet dilerlik markazlari yopiladi va “UzAuto Motors” savdo tizimidan uziladi.

    Bu haqda “UzAuto Motors” AJ maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, 2025-yil 3-noyabrdan Chevrolet Cobalt avtomobillarining yangi versiyalari sotuvi boshlanadi. Yangi modeldagi avtomobillarning koʻrgazma namunasi dilerlik markazlariga yetkazib berilgan boʻlib, mijozlar ular bilan tanishib, xarid qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishlari mumkin.

    Ortiqcha ajiotajning oldini olish maqsadida “UzAuto Motors” aksiyadorlik jamiyati Chevrolet Cobalt avtomobillariga kontraktatsiya jarayoni onlayn tarzda amalga oshirilishini maʼlum qildi.

    Onlayn shartnoma tuzish jarayonida Chevrolet Cobalt avtomobillarining barcha komplektatsiyalari, shu jumladan ikki yangi turi ham taqdim etiladi.

    2025-yil 3-noyabr kuni soat 10:00 dan boshlab Chevrolet Cobalt uchun onlayn kontraktatsiya https://uzavtosavdo.uz sayti va UzAvtoSavdo ilovasi (iOS/Android) orqali amalga oshiriladi. Shu kuni barcha Chevrolet dilerlik markazlari yopiladi va “UzAuto Motors” savdo tizimidan uziladi.

    Onlayn platformalar orqali tuzilgan shartnomalarda maxsus QR-kod mavjud boʻladi. U shartnomaning haqiqiyligini tasdiqlaydi. Bunday QR-kodga ega boʻlmagan hujjatlarga “UzAuto Motors” AJ va Chevroletʼning rasmiy dilerlari aloqador emas. Kompaniya mijozlardan shartnoma tuzishda ehtiyotkor boʻlishlarini va QR-kod mavjudligini tekshirishlarini soʻramoqda.

    Chevrolet Cobalt sotuvi haqida qoʻshimcha maʼlumotni +998 (78) 141-77-77 telefon raqami orqali yoki https://chevrolet.uz saytidan olish mumkin.