Chevrolet Damas va Labo avtomobillarini ishlab chiqarish hajmi oshirilmoqda

    Transport 24 May 2023 2612

    UzAuto Motors kompaniyasi avtomobillarni yetkazib berish jarayonlarini jadallashtirish maqsadida Chevrolet Damas va Labo avtomobillarini ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish dasturini yakunladi.

    Endilikda, amalga oshirilgan chora-tadbirlar ushbu talabgir modellarning ishlab chiqarish hajmini yiliga 150 ming donaga bosqichma-bosqich oshirish imkonini beradi, bu esa oʻz navbatida yetkazib berish muddatiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazadi.

    2016-yildan buyon zavodning ishlab chiqarish quvvatini bosqichma-bosqich oshirish ishlab chiqarish hajmini deyarli 5 barobar koʻpaytirishga imkon berdi. UzAuto Motorsʻning Xorazm filialida ishlab chiqarishni optimallashtirish va modernizatsiya qilish boʻyicha olib borilgan tizimli ishlar 2022-yilga kelib ishlab chiqarish hajmini 93 000 dan ortiq avtomobilga oshirdi (2021-yilga nisbatan qariyb 30 foizga koʻp).

    UzAuto Motors 2021-yilda ishlab chiqarish hajmini oshirish dasturi doirasida Pitnak shahrida yangi press-sexni ishga tushirdi. 1 gektardan ortiq hududda yoʻlga qoʻyilgan ishlab chiqarish, maksimal quvvatga erishgandan soʻng har yili 12 ming tonna metall listdan Chevrolet Damas va Labo modellari uchun 7 million donagacha turli shtamplash kuzov qismlarini ishlab chiqarish imkonini beradi.