Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan Afg'oniston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekiston manfaati uchun moliyalashtirilgan “Chigirtka nazoratini takomillashtirish to'g'risida (II bosqich)”gi BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkilotining (FAO) loyihasi rasman ishga tushirildi. Loyiha uchun olingan umumiy mablag' 7,5 million AQSH dollarini tashkil etdi.
Loyiha boshqaruv qo'mitasining birinchi yig'ilishi 6 nafar benefitsiar mamlakat vakillari, JICA vakillari hamda FAO mutaxassislari ishtirokida onlayn tarzda o'tkazildi. Amalga oshiriladigan asosiy tadbirlar haqida umumiy ma'lumot berilib, birinchi yil uchun byudjet va ish rejasi hamda chigirtkalar keltirgan zararni kamaytirish bilan bog'liq boshqa masalalar muhokama qilindi.
Mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish rejalashtirilgan ushbu loyiha davomida barcha benefitsiar davlatlar o'rtasida seminarlar, qo'shma tadqiqot faoliyati va byulletenlarni nashr etish orqali muntazam axborot va tajriba almashishni o'z ichiga oladi. Shuningdek, chigirtka nazorati uchun mas'ul milliy mutaxassislar malakasini oshirish orqali mamlakatlarning milliy salohiyatini yanada mustahkamlash rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, zararkunandalarga qarshi kurashni takomillashtirish uchun eng so'nggi uskunalar etkazib beriladi, bu esa chigirtkalar tarqalishini yaxshiroq taxmin qilish va ularning halokatini kamaytirishga imkon beradi. Kamroq toksik pestitsidlar va zararkunandalarga qarshi biologik preparatlardan foydalangan holda chigirtka epidemiyasiga qarshi chora-tadbirlarning takomillashtirilgan mexanizmi joriy etiladi.
«Shu bilan birga, pestitsidlarning inson salomatligi va atrof-muhitga salbiy ta'sirini kamaytirishga alohida e'tibor qaratiladi. Bu shaxsiy himoya vositalari bilan ta'minlash va boshqa tadbirlarni o'z ichiga oladi. Loyiha mahalliy aholi o'rtasida yanada samarali chigirtka nazorati usullari va xavfsizlik choralari haqida xabardorlikni oshiradi», — deydi O'zbekiston FAO vakolatxonasining loyiha koordinatori Sherzod Umarov.
Loyiha tahdidlarning oldini olish va zararkunandalarga qarshi zararlarni kamaytirish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, Markaziy Osiyo va Afg'oniston qishloq aholisining farovonligini oshirishga yordam berishi kutilmoqda.