Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) O'zbekistonda chigirtkaga qarshi kurashishni yanada yaxshilash uchun Qishloq xo'jaligi vazirligi huzuridagi O'simliklar karantini va  himoyasi  agentligiga 8 ta maxsus jihozlangan Toyota Hilux avtomobilini topshirdi.

Markaziy Osiyo qishloq xo'jaligi uchun chigirtkalar  jiddiy xavf tug'dirayotganini ko'pchilik ham bilmaydi. Holbuki, ekinlarni yo'q qilish orqali zararkunandalar hosil miqdori va sifatini pasaytirishi, aholini oziq-ovqat bilan ta'minlashni xavf ostida qoldirishi aniq.

Bundan tashqari, chigirtkalar bosqini qishloq xo'jaligiga bevosita bog'liq bo'lgan fermerlarning daromadlariga salbiy ta'sir ko'rsatadi.   Shu bois ushbu zararkunandalarga qarshi kurashish  O'simliklar karantini va  himoyasi  agentligining muhim vazifalaridan  biri hisoblanadi.

Mazkur ko'mak FAOning “Markaziy Osiyoda chigirtkalarga qarshi kurashishni takomillashtirish (II bosqich)” mintaqaviy loyihasi doirasida amalga oshirildi.