Bojxona organlari tomonidan bojxona chegaralari orqali tovar moddiy boyliklarni noqonuniy tarzda olib oʻtilishiga qarshi tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasining “Dovut ota” chegara-bojxona postida navbatdagi qonunbuzarlik holati fosh qilindi.
Respublikamizga kirib kelgan fuqaro N.F. boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona koʻrigidan oʻtkazilganida, avtotransport vositasining ehtiyot qismlar saqlanadigan joyida chilim uchun moʻljallangan aksessuarlar va chilim chekishda foydalaniladigan tamaki mahsulotlari ortilgani aniqlandi.
Bojxona nazoratidan yashirin ravishda olib oʻtilgan 367 dona chilim uchun aksessuarlar hamda 56 kg. ogʻirlikdagi 349 dona chilim chekishga moʻljallangan tamaki mahsulotlarining umumiy qiymati salkam 100 mln. soʻmni tashkil qilmoqda.
Hozirda mazkur holat yuzasidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.