Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi ayrim mahallalarga “Tashvish” tugmalari oʻrnatildi, deb xabar bermoqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati.

Maʼlum qilinishicha, bu prezidentning “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori doirasida amalga oshirilgan.

Chilonzor tumani Ichki ishlar organi faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi va Milliy gvadriya hamkorlikda Chilonzor tumanidagi qizil toifadan oʻrin olgan 6 ta mahallani jinoyatchilikdan xoli qilish maqsadida barcha sektor rahbarlari ishtirokida yoʻl xaritasi tasdiqlangan.

Unga muvofiq, xavfsiz koʻcha va xavfsiz hudud tamoyili asosida har bir koʻp qavatli uy atrofiga kuzatuv kameralari oʻrnatilgan. Bundan tashqari, shubhali holat yuzaga kelganda ichki ishlar organi va Milliy gvardiya xizmati xodimlariga oʻz vaqtida xabar yetkazish uchun “Tashvish” tugmalari oʻrnatildi.

Tugma bosilganda hududiy ichki ishlar boʻlimi va gvardiya tizimiga integratsiya qilingan maxsus qurilma darhol masʼul xodimlarni ogohlantiradi. Ushbu tugma bosilganda 4−6 daqiqa vaqt ichida gvardiya xodimlari voqea joyiga yetib keladi.

Chilonzor tumani IIO FMB boshligʻi oʻrinbosari Muzaffar Asqarovning taʼkidlashicha, “Tashvish” tugmasini kim bosganini bilish uchun kameralar ham oʻrnatilgan. Koʻchalarda Face-ID (yuzdan tanib olish) kameralari qoʻyilgan.