Chimkent shahrida oʻzbek tili, madaniyati va ananalariga bagʻishlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi

    Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi koʻmagida Chimkent shahrida Qozogʻiston oʻzbeklarining “Doʻstlik” hamjamiyati tomonidan oʻzbek xalqining tili, madaniyati va ananalariga bagʻishlangan bayram tadbiri tashkil etildi.

    Tadbirda Qozogʻiston tomoni bilan birga Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Azamat Toshev boshchiligidagi olimlar, taniqli adiblar, sanʼat va madaniyat arboblaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.

    Mehmonlar dastlab Chimkent shahri “Doʻstlik” uyi oldidagi maydonchada Qozogʻiston oʻzbeklari etno-madaniy markazlari tomonidan tashkil qilingan oʻzbek xalqining tili, madaniyati va ananalariga bagʻishlangan koʻrgazma bilan tanishdilar.

    Qozogʻiston xalqi Assambleyasi raisining oʻrinbosari Marat Azilxanov oʻz nutqida Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi ittifoqchilik darajasiga koʻtarilgan doʻstona munosabatlarga yuqori baho berdi. “Mamlakatda rivojlanish va barqarorlikni taʼminlashda oʻzbek millatiga mansub vatandoshlarimizning munosib oʻrni bor. Shu oʻrinda ularning oʻz tili, madaniyati va ananalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlash joiz”, dedi Marat Azilxanov.

    Oʻz navbatida, Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari Azamat Toshev qardosh Oʻzbekiston va Qozogʻiston xalqlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik va doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlashda mahalliy oʻzbeklarning rolini ijobiy baholadi, ularga mamlakatda oʻzbek tili va adabiyotini keng targʻib qilishda yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

    Oʻzbekiston delegatsiyasi tomonidan Qozogʻiston oʻzbeklarining “Doʻstlik” hamjamiyati rahbariyatiga mamlakatdagi oʻzbek maktablari va kitobxonalariga tarqatish uchun 5 mingdan ortiq oʻzbek adabiyoti namunalari taqdim etildi.

    Tadbir davomida mahalliy “Tarona” milliy cholgʻu ansambli, Oʻzbekistondan kelgan sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan kuy va qoʻshiqlar barchaga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.