Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bitiruv tadbiri boʻlib oʻtdi. Tantanali oʻtgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi vakillari, ichki ishlar tizimi faxriylari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi, deb xabar bermoqda IIV akademiyasining axborot xizmati.

Oʻquv muassasasi boshligʻi, polkovnik Rustam Hotamovning taʼkidlashicha, mamlakatimiz ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar jarayonida soha uchun professional mutaxassislar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Taʼlim muassasasini tamomlagan kadrlar huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash, terrorizm, ekstremizm, kiberjinoyatchilik singari zamonaviy xatarlar va jinoyatchilikka qarshi kurashish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga munosib hissa qoʻshmoqda.

Joriy oʻquv yilida akademiyaning kunduzgi taʼlim yoʻnalishini 600 nafardan ziyod yosh mutaxassis muvaffaqiyatli tamomladi. Bitiruvchi kursantlar uch yillik taʼlim dasturi asosida tezkor-qidiruv, tergov, huquqbuzarliklar profilaktikasi, ekspert-kriminalistika, xizmat faoliyati psixologiyasi hamda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash faoliyati doirasida kasbiy bilim va amaliy koʻnikmalarni puxta egallab, jangovar-jismoniy qobiliyatini oshirdi. Mashgʻulotlar jarayonida qoʻllangan interfaol metod va yondashuvlar, xorijning ilgʻor tajribalari taʼlim samaradorligini oshirishga xizmat qilganini taʼkidlash joiz.

Tadbirda yosh leytenantlar “yurist” malakasini beruvchi diplomlarni tantanali ravishda qabul qilib oldi. Oʻquv dargohini “tergov faoliyati” mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan Asilbek Hoshimboyev “katta leytenant” unvoni bilan taqdirlangan boʻlsa, yana 25 nafar bitiruvchiga imtiyozli diplomlar topshirildi. Shu kuni Rahbar kadrlarni tayyorlash fakulteti tinglovchilari ham “ichki ishlar organlarining boshqaruv faoliyati” mutaxassisligi boʻyicha “menejment” ixtisosligi diplomiga ega boʻldi.

Bitiruvchilarning akademiya jangovar bayrogʻi bilan xayrlashuv marosimidan soʻng ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Azizbek Ikromov soʻzga chiqdi. “Taʼlim maskani bitiruvchilari orasida koʻplab generallar, ichki ishlar organlari tizimiga ulkan hissa qoʻshgan fidoyi insonlar yetishib chiqqan. Bugun xizmatga yoʻl olayotgan kadrlarimiz ustozlarning ibratli yoʻlini munosib davom ettirib, kelgusi xizmat faoliyatlarini halol, vijdonan va yuksak sadoqat bilan bajarishi lozim”, dedi vazir oʻrinbosari.

Orkestr sadosi ostida ijro etilgan ona Vatanimizning davlat madhiyasi saf maydonida yigʻilgan barchaning qalbida faxr va iftixor tuygʻularini joʻsh urdirdi.

— Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan keng qamrovli islohotlar safda turgan har bir yigit-qizni vatanparvar, jasur va fidoyi boʻlishga undaydi. Biz, yoshlarga koʻrsatilayotgan ulkan eʼtibor va gʻamxoʻrlikni munosib oqlab, “akademiya bitiruvchisi” degan sharafli nomga loyiq boʻlishga, xalqimizga chin farzandlik mehri bilan xizmat qilishga vaʼda beramiz, — dedi bitiruvchilar nomidan soʻz olgan leytenant Sevara Baxtiyorova.

Shuningdek, tantanali tadbirda Oliy Majlis Senati qoʻmitasi raisi Qutbiddin Burhonov, IIV Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi general-mayor Erkin Norgitov soʻzga chiqib, bitiruvchilarni samimiy muborakbod etdi.