Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasiga qarashli “Chinobod plaza sanatoriysi” MCHJ qurilishi 2018-yilning 2-choragida boshlanib, 2020-yilda toʻliq yakunlandi. Sanatoriy 144 oʻrinli yotoqxona va davolash binosiga, yiliga 4500 ishchi va xizmatchilarni sogʻlomlashtirish quvvatiga ega boʻlib, hududi 1,7 gektarni tashkil etadi. Qurilish va obodonlashtirish ishlari hamda muhandislik inshootlarini barpo etish uchun jami 71,887 milliard soʻm mablagʻ sarflandi. Bino sokol va beshta qavatdan iborat.
“Chinobod plaza sanatoriysi” MCHJ oshqozon-ichak yoʻli kasalliklari, yurak-tomir, endokrin va asab tizimi bilan ogʻrigan fuqarolar uchun tibbiy reabilitatsiya xizmati koʻrsatishga ixtisoslashtirilgan mehmonxona klassidagi balneologik sanatoriy boʻlib, dengiz sathidan 450 metr balandlikda joylashgan.
Sanatoriyda davolash muolajalari tabiiy, iqlimiy va fizioterapevtik usullardan kompleks ravishda foydalanilgan holda amalga oshiriladi.
Asosiy tibbiy davolash omillari sifatida Toshkent artezian yer osti suvlari havzasidan chiqadigan termal, kam maʼdanli, xlorid-sulfatli-natriy-gidrokarbonatli(+510) Byuvetning shifobaxsh suvlari bilan davolash muolajalari amalga oshiriladi.