Dunyoning deyarli barcha mamlakatida qattiq maishiy chiqindilarni aholi jon boshiga hisoblaganda, ular har yili bir foizga oshib boryapti. Bu esa jahonning ekologik barqarorligiga oʼzining salbiy taʼsirini koʼrsatmay qolmaydi, albatta.

Hozirgacha chiqindining 800 dan ortiq turi qayd etilgan boʼlib, kelajakda bu koʼrsatkich yanada oshishi mumkin. Energetika, rangli va qora metallurgiya, kimyo sanoati va qurilish industriyasida foydalaniladigan materiallardan hosil boʼlgan chiqindilar atrof-muhitni ifloslantiruvchi asosiy manbaga aylanyapti.

Ularni eʼtiborsiz qoldirish esa tabiiy resurslar va tabiatning kutilmagan oʼzgarishlariga sabab boʼladi.

Toshkent tumanida joylashgan “Zangiota obodon” MChJga qarashli chiqindi poligonida Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tuman inspektsiyasi xodimlari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan rekulьtivatsiya va obodonlashtirish jarayonlari mazkur yoʼnalishdagi xayrli ishlardan biri boʼldi.

Hududda maxsus texnika va ishchilar jalb qilingan holda chiqindilarni koʼmish ishlari rejaga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Poligondagi rekulьtivatsiya ishlariga 2 ta yuk tashish avtomobili, 1 ta ekskavator, 1 ta yuklagich va 3 ta bulьdozer jalb qilingan boʼlib, jarayon tez orada yakuniga yetkaziladi.

Maʼlumot uchun, qogʼoz chiqindiga aylanganidan soʼng uch oydan keyingina chiriy boshlaydi. Plastik, polietilen xaltachalar biologik komponentlarga ajralishi uchun 400-450 yil talab etilsa, shisha million yildan keyingina toʼla yoʼqolishi mumkin. Shuni taʼkidlash joizki, bu chiqindilarning 80 foizini organik moddalar tashkil qiladi va ularni qayta ishlash natijasida katta miqdorda energiya ishlab chiqarish mumkin.